“Atlas bayrami” festivali milliy hunarmandchilik va turizmni yanada rivojlantirish va ommalashtirishga, davlatlararo munosabatlarni mustahkamlashga, hunarmandlar oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilgani taʼkidlandi.
Festivalda dunyoning 21 ta davlatidan kelgan anʼanaviy toʻqimachilik va dizayn sohasining yetakchilari, hunarmandlar, sanʼatshunoslar, art-menejerlar, anʼanaviy hunarmandchilikni boshqarish sohasi mutaxassislari ishtirok etganiga eʼtibor qaratildi.
Tadbir davomida xalqaro hakamlar hayʼati aʼzolari yana bir bor tanishtirilib, ular tomonidan turli nominatsiya boʻyicha gʻoliblar eʼlon qilindi.
Anʼanaviy hunarmandchilikdagi ahamiyatli innovatsiyalari uchun Gunjan Jain (Hindiston), Oʻzbek kashtachiligi anʼanalarining yangicha talqini uchun Madina Qosimbayeva (Oʻzbekiston), tojik chitgarligi sanʼati anʼanalarini qayta tiklayotgani uchun Miramin Saidov (Tojikiston), Buxoro zardoʻzlik anʼanalarini saqlab qolgani uchun Baxshilo Djumayev (Oʻzbekiston), abr matolarining mahalliy anʼanalarini saqlab qolganligi uchun Nabijon Toshtemirov (Oʻzbekiston), anʼanaviy usullar va zamonaviy dizayn uygʻunligi uchun Edrik Ong Liang Bin (Indoneziya), qadimiy naqshlarni saqlashdagi yuksak hunarmandlik mahorati uchun Muhammad Abdul Jabbar (Bangladesh), ipak gilamlar toʻqishdagi yuqori texnologik va badiiy saviyasi uchun Ilhom Davletov (Oʻzbekiston), etnik-madaniy anʼanalarning oʻziga xos talqini uchun Ayjan Bekqulova (Qozogʻiston), retro va etnik uslub uygʻunligi uchun Irina Sharipova (Oʻzbekiston), Hindiston anʼanaviy madaniyati orqali tasvirlarni ochib bergani uchun Mubin Xatri (Hindiston), Glamur estetikasi va yuqori moda uslubi tuygʻusi uchun Zuhra Inat (Latviya), abr matolarining rang jozibadorligini mahorat bilan taqdim etgani uchun Sulton Saliyev (Rossiya), anʼanaviy toʻqimachilikni saqlash va rivojlantirishga qoʻshgan hissasi hamda “Atlas bayrami” festivalini tashkil etishdagi koʻp yillik xizmatlari uchun Rasul Mirzaahmedov (Oʻzbekiston)ga tantanali tarzda diplom va sovgʻalar topshirildi.
Sanʼatkorlar, folklor jamoalari ishtirokidagi konsert dasturi yigʻilganlarga yanada koʻtarinkilik bagʻishladi.
“Jahon hunarmandlari shahri” degan yuksak nomga sazovor boʻlgan Margʻilonda navbatdagi “Atlas bayrami” beshinchi xalqaro anʼanaviy toʻqimachilik festivali oʻz yakuniga yetdi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.