Bu favvoralar bilan shoʻxchan oʻynashayotgan, koʻngillarga xushnudlik ulashayotgan nasimi nayson — yangi Oʻzbekistondagi ulkan islohotlarning muattar shabadasi. Qadimiy inshootlar, koʻhna devorlar poyida qad rostlayotgan muhtasham majmualar esa biz intilayotgan Uchinchi Renessansning mustahkam poydevoriga aylanmoqda.
Fargʻonaning
fayzli saharida, moviy osmon ostida nur taratayotgan Margʻilon shahrida yana
bir maʼrifat quyoshi charaqladi. Davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifi
hamda “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasining ochilishi
nafaqat fargʻonaliklar, balki butun islom olami, ilm-fan ahli uchun tarixiy
shodiyonaga aylandi. Ushbu maskan oʻtmishning oltin halqalari bilan ertangi
kunning yorqin ufqlarini bir-biriga bogʻlagan, ajdodlar ruhini avlodlar
shijoati bilan tutashtirgan dargohdir.
Prezidentimizning
mazkur tantanali marosimdagi har bir soʻzi, har bir fikri zimmamizga ulkan
masʼuliyat va sharaf yukladi. Zero, maʼrifat ahli uchun bu kabi eʼtibor —
ijodiy parvozlar va yangi ilmiy kashfiyotlar uchun bitmas-tuganmas kuch-quvvat
manbai.
Mamlakatimiz
hayotida tarixiy voqealar silsilasi davom etmoqda. Davlatimiz rahbari
“Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasining tantanali
ochilish marosimida “Bugun biz orzu qilayotgan yangi Buxoriy, Termiziy,
Fargʻoniy, Xorazmiy va Margʻinoniylar avlodi qayerdan yetishib chiqadi?
Albatta, ular mana shunday maʼrifat, ilm va ziyo maskanlarida tarbiya topadi”,
dedi. Bu soʻzlar biz, oliy taʼlim mutasaddilari va professor-oʻqituvchilar
zimmasiga ulkan vazifa yuklaydi.
35 gektar maydonda
barpo etilgan ushbu muhtasham majmua tarkibidagi Islom huquqshunosligi
instituti nafaqat diniy, balki huquqiy va ijtimoiy fanlar rivoji uchun ham
poydevor boʻladi.
Yillar davomida
koʻnglimizning tub-tubida bir armonli savol bizni qiynab kelar edi: nima uchun
dunyo xalqlari oʻzlarining afsonaviy qahramonlarini shunchalik eʼzozlaydilaru,
biz jonli tariximizga, milliy mentalitetimiz timsoli boʻlgan qahramonlarimizga
kelganda bir oz ortda qolmoqdamiz? Masalan, “Tarix otasi” deya eʼtirof
etiladigan Gerodot haqida hamma biladi. Bugun Gretsiyadagi Akropolga borgan har
bir sayyohga togʻ choʻqqisidagi ulkan xarsangni koʻrsatib, “Gerodot aynan shu
yerda oʻtirib shogirdlariga dars bergan”, deyishadi. Bu shunchaki rivoyat
boʻlsa-da, butun dunyo unga ishonadi, uni hurmat bilan ziyorat qiladi.
Xoʻsh, shunday ekan, nima uchun haqiqiy tarixiy voqealarga asoslangan, har
bir jumlasidan milliy oʻzligimiz ufurib turadigan “Oʻtkan kunlar” asari
qahramonlari — sadoqat va muhabbat timsoli boʻlgan Otabek va Kumushbibi
yashagan Mirzakarim qutidor hovlisini ulugʻvor namunada barpo etmasligimiz
kerak? Axir Otabek timsolida oʻzbek yigitining bukilmas qaddi va gʻururi,
Kumushbibi siymosida esa oʻzbek qizining tengsiz ibosi va yuksak maʼnaviy
qiyofasi mujassam-ku!
Uzoq yillar
davomida konsepsiya ustida bosh qotirilgan, barchamizni oʻylantirib kelayotgan
bu ezgu savollar bugun oʻzining amaliy javobini topdi. Prezidentimizning
maʼrifat maskani — Fargʻonaga tashrifi arafasida aynan Margʻilonda milliy qadriyatlarimiz
aks etgan bu kabi obidalarning qad rostlashi biz — olimlar va ziyolilarning
koʻnglini togʻdek koʻtardi. Endi ushbu majmuaga kelgan har bir yosh nafaqat
binolar mahobatini koʻradi, balki Abdulla Qodiriy tasvirlagan oʻsha samimiy
hayotni, milliy axloq-odobimizning yuksak choʻqqisini his qiladi. Bu hovli
shunchaki meʼmorchilik obidasi emas, balki oʻzligimizga, tariximiz va kelajak
avlodlar tarbiyasiga sadoqatimiz ramzidir. Bu maskan Fargʻona davlat
universiteti talabalari va yosh olimlari uchun ham chinakam amaliyot va
tadqiqot maydoniga aylanishi shubhasiz.
Davlatimiz rahbari eʼtirof etganidek, Fargʻona bugun barcha sohada
oʻzining tajriba maktabiga ega boʻlib bormoqda. Rishton kulolchiligi, Qoʻqon
hunarmandchiligi va Margʻilonning
ipakchilik anʼanalari endi ilmiy asosda tadqiq etiladi. Prezidentimizning fargʻonalik ustoz
sanʼatkorlar mahorat maktablarini tashkil etish boʻyicha tashabbuslari
universitetimizning sanʼatshunoslik va madaniyat yoʻnalishlari uchun yangi
ufqlar ochadi. Biz Joʻraxon Sultonov, Maʼmurjon Uzoqov kabi buyuk ovoz
sohiblarining anʼanalarini davom ettiradigan yosh isteʼdod egalarini
tarbiyalashda ushbu majmua imkoniyatlaridan keng foydalanamiz.
Margʻilon qadimdan
“Maʼrifat ahlining vatani” deb atalgan. Bugun esa ushbu nom zamonaviy
infratuzilma, turizm salohiyati va ilm-fan yutuqlari bilan boyitilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston”
massivlari, AT parklar va taʼlim muassasalari Fargʻonaning qiyofasini tubdan
oʻzgartirmoqda. Bu islohotlar zamirida xalqni rozi qilish maqsadi mujassam.
Biz — Fargʻona
davlat universiteti jamoasi Prezidentimizning nutqidan kelib chiqib qator
vazifalarni oʻzimiz uchun belgilab oldik. Burhoniddin Margʻinoniyning “Hidoya”
asari va boshqa huquqiy merosini zamonaviy huquqshunoslik bilan bogʻlagan holda
tadqiq etish, majmuaning turizm salohiyatini oshirish uchun gid-tarjimonlar
tayyorlash va hudud tarixini ilmiy asoslab berish shular jumlasidan.
Tashrif
viloyatimiz uchun yangi taraqqiyot davrini boshlab berdi. Biz, ziyolilar ushbu
ezgu ishlarning faol ishtirokchisi boʻlib, yangi Oʻzbekistonning Uchinchi
Renessans poydevorini qoʻyishda bor kuch-gʻayratimizni safarbar etamiz.
Bahodirjon
ShERMUHAMMADOV,
Fargʻona davlat universiteti rektori