Bugun 35 ming aholi yashashiga moʻljallangan "Yangi Oʻzbekiston" massivining qurilishiga tamal toshi qoʻyildi.
Qurilish uchun shahar chegarasidagi maydon tanlandi. Bu yerda Margʻilon mahallalaridan oqsoqollar, mehnat faxriylari toʻplandi. Oʻzbekiston Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Ochilboy Ramatov va viloyat hokim Xayrulla Bozorov ular bilan suhbatlashdi. Davlatimiz rahbarining margʻilonliklarga tilaklari yetkazildi. Soʻngra anʼanaga koʻra, ulugʻ niyat ijobati yoʻlida qurʼon tilovat qilindi.
Margʻilonning "Yangi Oʻzbekiston" massivi 75 gektardan iborat boʻlib, unga 87 ta koʻp qavatli binolar quriladi. Bu yerda 6012 ta xonadon uy toʻyi qilishi kutilyapti. Bundan tashqari, ikkita maktab, 6 ta maktabgacha taʼlim muassasasi, 2 ta oilaviy poliklinika, 2 ta litsey, biznes markazi hamda savdo va maishiy xizmat majmualari joylashtirilgan.
Loyihaga koʻra, 35 gektar maydonda ilmiy markaz, shoir va sanʼatkorlar xiyoboni, Oʻzbekistonda yagona maqom teatri, yuridik institut, mehmonxonalar, xiyobonu saylgohlar barpo etiladi.
Qurilish ishlari uchun hukumat bir yil muddat berdi. Shuningdek, aholiga imtiyozli muddat va kam foizli ipoteka krediti berilishi ham shu bugun rasmiy hujjatlarga muhrlandi.