Maʼrifat-la birlashaylik shu yurt, el uchun!

    Hash-pash deguncha, yoz fasli yakuniga yetib, oltin kuz kirib keldi. Ushbu fasl debochasida nafaqat Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligi kuni, balki yurtimiz taʼlim muassasalarida yangi oʻquv yili boshlanishi ham ahamiyatlidir. Bu tadorik – yuragida orzu-umidlari osmon qadar boʻlgan yoshlar uchun bilim olish, yangi marra va choʻqqilar sari eltuvchi katta yoʻlning muqaddimasidir.

    Bugun yurtimiz oliy taʼlim muassasalarida yangi oʻquv yili boshlanishi munosabati bilan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” mavzusida bayram tadbiri oʻtkazildi.

    Tantanali marosimda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uygʻun Gʻafurov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi oʻrinbosari Olimjon Soliyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, Akademiya Jamoatchilik kengashi raisi Iqbol Mirzaaliyev, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Davronbek Maxsudov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov, Akademiya professor-oʻqituvchilari, talabalar hamda ota-onalar ishtirok etdilar.

    Marosim Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi bilan boshlandi. Madhiya sadolaridan soʻng Akademiya rektori Uygʻun Gʻafurov soʻzga chiqib, yigʻilganlarni Vatanimiz mustaqilligining 33-yilligi hamda 2024/2025-oʻquv yili bilan tabrikladi.

    Akademiya rektori oʻz tabrigida soʻnggi yillarda mamlakatimiz taʼlim sohasini tubdan isloh qilish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotganini eʼtirof etdi. Yoshlarni oliy taʼlimga qamrovini oshirib borish, zamonaviy va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash borasida izchil siyosat olib borilayotgani, bu borada Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi nafaqat yurtimiz, balki mintaqamizdagi eng nufuzli va sharafli oʻquv muassasasi hisoblanishini qayd etdi.

    Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan tashkil etilgan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida jamiyat rivojiga hissasini qoʻshadigan, oʻz sohasining malakali mutaxassislarini kamolga yetkazish ustuvor vazifa sanaladi.

    Tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi oʻrinbosari Olimjon Soliyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, Akademiya Jamoatchilik kengashi raisi Iqbol Mirzaaliyev, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Davronbek Maxsudov hamda kirish imtihonlarida yuqori ball toʻplab, Akademiya talabasi boʻlgan Muslimaxon Oʻrinboyevaning otasi Baxtiyorjon Oʻrinboyev soʻzga chiqib, yigʻilganlarni qoʻshaloq bayram bilan muborakbod etib, yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida qanday maʼnaviy-maʼrifiy mezonlarga eʼtibor qaratish zarurligi haqida oʻz mulohazalarini bildirdi.

    Shuningdek, marosimda Akademiyaga yuqori ball toʻplab, oʻqishga qabul qilingan talabalar yurtimiz ravnaqi yoʻlida amalga oshirmoqchi boʻlgan ilmiy loyihalari haqida aytib oʻtishdi.

    Marosim yakunida Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov yangi oʻquv yili barcha uchun muvaffaqiyatli kelishini soʻrab, duoi fotiha qildi.

    Zuhra MELIBOYEVA,

    talaba