Maʻrifat qalblarni poklaydi

    Oʻtgan yillar davomida festivalʻ doirasida oʻndan ortiq loyiha hayotga tatbiq etildi. Bu yil ham milliylik va zamonaviylikni mujassam etgan mazkur festivalni oʻtkazishga katta tayyorgarlik koʻrildi.

    Davlatimiz rahbari har bir nutqida, viloyatlarga tashrifi chogʻida xalqimiz, ayniqsa, yoshlar maʼnaviyatini oshirish masalasiga alohida urgʻu beradi. Xususan, shu yil 19-yanvar kuni maʼnaviymaʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida: “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir. Biz yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi — bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi — ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli maʼnaviyat”, dedi.

    Prezidentimizning 2021-yil 26-martdagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan, maʼnaviyat va maʼrifat sohasida yechimini kutayotgan koʻplab masalalar hal etilmoqda. Yurtdoshlarimiz, xususan, yoshlar oʻrtasida maʼnaviymaʼrifiy ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan koʻplab tadbir va festivallar oʻtkazilyapti. Jumladan, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Maʼnaviyat festivali oʻtkazib kelinyapti.

    Oʻtgan yillar davomida festival doirasida oʻndan ortiq loyiha hayotga tatbiq etildi. Bu yil ham milliylik va zamonaviylikni mujassam etgan mazkur festivalni oʻtkazishga katta tayyorgarlik koʻrildi. Joriy yilgi festival doirasida ham oʻndan ortiq loyiha tayyorlangan. Shuningdek, yurtimizning barcha tuman va shaharlarida milliy va tarixiy kinolar namoyish qilinadi. Jumladan, yoshlarni vatanparvarlik va teran mushohadaga chorlaydigan “Mahmudxoʻja Behbudiy”, “Isʼhoqxon Ibrat”, “Ota uy”, “Elparvar”, “Berlin — Oqqoʻrgʻon”, “Issiq non” kabi yigirmaga yaqin kinofilm tomoshabinlarga taqdim etiladi.

    “Maʼrifat tur” loyihasi doirasida kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun yurtimizdagi tarixiy obidalar, qadamjolar, diqqatga sazovor joylarga sayohat uyushtiriladi. Maʼnaviyat festivali doirasida bu yil ilk bor maqom kechalari oʻtkaziladi. Oʻzbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan “Buyuk isteʼdod va ulkan qalb sohibi” badiiy-musiqiy kechasi ham sanʼat orqali koʻngillarga maʼrifat ulashishdek maʼnaviy ahamiyatiga koʻra mazkur festivalga aloqador. Prezidentimizning “Oʻzbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan, taniqli sanʼatkor xotirasini abadiylashtirishga qaratilgan koʻplab xayrli ishlar qilinyapti. Jumladan, xonandaning sara qoʻshiqlaridan iborat “Oltin kolleksiya” diskining taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    — Davlatimiz rahbarining madaniyat va sanʼat ahliga qaratayotgan yuksak eʼtiboridan nihoyatda mamnunmiz. Ayniqsa, koʻplab oʻlmas qoʻshiqlar ijrochisi, sohirnafas sanʼatkor Botir Zokirov shaxsiyati va ijodini oʻrganish, targʻib etish hamda abadiylashtirish borasidagi saʼy-harakatlar tahsinga loyiq. Mana shu eʼtibor tufayli xalqimiz qariyb unutilayozgan buyuk xonanda nomini yodga oldi, qoʻshiqlari yangrayapti, — deydi Oʻzbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova. — Botir Zokirov singari mahoratli sanʼatkorlar hayotda kam boʻladi. Ularning ijodini oʻrganish keyingi avlod uchun katta dorilfunun vazifasini oʻtaydi.

    Oʻzbek estradasining jahon miqyosida munosib oʻrin egallashida Botir Zokirovning hissasi katta. Uning ijodi zamonaviy oʻzbek madaniyatini keng targʻib etishga qaratilgani diqqatga sazovor. Serqirra ijodkor sifatida u nafaqat oʻzbek estradasi, balki Sharq estrada sanʼatining ulkan namoyandalaridan biri ekanini koʻrsata oldi. Bu jihatlarni Toshkent fotosuratlar uyida oʻtkazilgan “Maʼnaviyat festivali” matbuot anjumani hamda “Buyuk isteʼdod va ulkan qalb sohibi” badiiy-musiqiy kechasida ishtirok etgan maʼnaviyat, madaniyat va sanʼat sohasi xodimlari ham alohida qayd etdi.