“Maʼrifat ulashib” loyihasi mehmonlari — Fargʻona davlat universitetida

    Loyiha mehmonlari fakultetda yosh qalamkashlar uchun yaratilgan ijodiy muhit, xalqimiz suygan shoir va adiblar xotirasiga bagʻishlab barpo etilgan oʻquv xonalari bilan yaqindan tanishdi.

    Bugun FarDUning filologiya fakultetida “Maʼrifat ulashib” loyihasi doirasida taniqli ijodkorlar – Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, taniqli shoir — Muhammad Ismoil, shu bilan birga, “Tahsin” hamda «Kelajak bunyodkori« davlat mukofoti sohibi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, yozuvchi va dramaturg — Javlon Jovliyevlar bilan ijodiy uchrashuv tashkil etildi.

    Uchrashuv avvalida ijodkorlar mamlakatning “Yashil Makon” loyihasiga munosib hissa qoʻshgan holda, fakultet bogʻiga ezgu tilaklar bilan yangi nihollar oʻtqazdi.

    Shuningdek, loyiha mehmonlari fakultetda yosh qalamkashlar uchun yaratilgan ijodiy muhit, xalqimiz suygan shoir va adiblar xotirasiga bagʻishlab barpo etilgan oʻquv xonalari bilan yaqindan tanishdi.

    Ijodiy uchrashuv boshlanar ekan, dastlab universitet rahbariyati bugungi ajoyib kecha sohiblarini tashrif bilan samimiy qutladilar va davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hududlarda davom etayotgan “Maʼrifat ulashib” loyihasi asosida oliygohda amalga oshirilgan ishlar, ushbu ijodkorlar faoliyatiga bagʻishlangan maʼrifiy targʻibot tadbirlari xususida batafsil maʼlumotlar berib oʻtdi.

    Shuningdek, mehmonlar universitet hayoti, taʼlim jarayonlari hamda talaba-yoshlar oʻrtasidagi kitobxonlik tanlovlari bilan tanishtirib oʻtildi.

    Tanishuv sifatida tadbirda talabalar eʼtiboriga ushbu adiblar hayoti va ijodiga bagʻishlangan videoroliklar namoyish etildi.

    Tadbirda soʻzga chiqqan shoir Muhammad Ismoil bugungi kutilgan tadbir oʻzgacha koʻtarinki ruhda tashkil etilganligini eʼtirof etdi va bu oliygohdan ne-ne zabardast ijodkorlar yetishib chiqqani, mazkur anʼanani buguning yoshlari davom ettirishlari zarurligini uqtirdi.

    Talabalarga oʻz tilaklarini bildirgan ijodkorlar ushrashuvda Fargʻona ahlining mehnatkashligi va samimiyligi, yoshlarning adabiyotga mehri, maʼrifatsevarligini alohida taʼkidladilar.

    Millatning yuksalishida adabiyot va ona tili ilmi, ziyolilarning mehnati beqiyos ahamiyatga ega ekanligi aytib oʻtildi.

    Ijodkorlar bilan boʻlgan mazkur qizgʻin adabiy suhbatlar talabalarga katta taassurot uygʻotdi va ijodiy maqsadlar yoʻlida ilhomlantirdi. Kechada yoshlar sheʼrlar oʻqidilar, fikr-mulohazalarini oʻrtoqlashdilar, ustozlardan zarur ijodiy tavsiya va maslahat oldi.

    Qiziquvchan talabalarga adabiyotga doir savollar berildi va muloqotda faol qatnashgan ishtirokchilar badiiy kitoblar bilan taqdirlandi.