Unda Turkiy davlatlar tashkilotiga a'zo mamlakatlarning nufuzli axborot-tahlil markazlari, siyosatchilar, diplomatlar, ekspertlar va xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Turkiyaning “Diplomatiya” jamg'armasi (“Diplomasi Vakfı”) tomonidan tashkil etilgan mazkur forumda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ishtirok etdi.
Forumda Markaz rahbari “O'zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda strategiyaning ustuvor yo'nalishlari va vazifalari haqida ma'ruza qildi.
Eldor Tulyakov o'z nutqida “Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish maqsadlariga qaratilgan “O'zbekiston – 2030” strategiyasining beshinchi ustuvor yo'nalishiga alohida to'xtalar ekan, jahonda kechayotgan bugungi murakkab geosiyosiy jarayonlar, ziddiyatlar va turli inqirozlarga qaramasdan, O'zbekiston milliy manfaatlarini ilgari surib, xalqaro munosabatlarning to'la huquqli sub'ekti sifatida o'zining tinchlikparvar tashqi siyosatini samarali amalga oshirib kelayotganini ta'kidlab o'tdi.
Shuningdek, jahonda shakllanayotgan yangi dunyo tartiboti va xalqaro institutlar tizimida o'ziga xos muhim o'ringa ega bo'lib borayotgan Turkiy davlatlar tashkilotining ahamiyati haqida gapirdi.
“Bugungi kunda tashkilotga a'zo barcha davlatlar tashqi siyosat, mintaqaviy va global muammolarga yechim topishda faol ishtirok etib, mazkur jarayonlarda bir-birini qo'llab-quvvatlamoqda. Xususan, so'nggi paytlarda O'zbekistonning BMTdagi takliflari Turkiy davlatlar tashkiloti tomonidan qo'llab-quvvatlanayotganligini alohida aytib o'tishim joiz” – dedi Eldor Tulyakov.
Turkiy dunyo axborot-tahlil markazlari forumida ishtirokchilar tomonidan xalqaro munosabatlarning zamonaviy tendensiyalari va Turkiy davlatlar tashkiloti makonidagi mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, turkiy dunyoning axborot-tahlil markazlari o'rtasida hamkorlik aloqalarini o'rnatish masalalariga e'tibor qaratildi.
Forum doirasida Markaz hamda Turkiy davlatlar tashkilotiga a'zo davlatlarning yetakchi “aql markazlari” vakillari o'rtasida uchrashuv va muloqotlar o'tkazilib, kelgusida o'zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni yo'lga qo'yishga kelishib olindi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati