Maʼlum qilinishicha, joriy yilning birinchi choragida «Shaffof-moliya» va «Tezcoin» mikromoliya tashkilotlari hamda «Uzum bank»da oʻtkazilgan tekshiruvlar davomida qonunchilik talablarining bir qator buzilish holatlari aniqlangan.

Xususan, mikromoliya tashkilotlarida mikroqarz ajratishda qarz yuki boʻyicha belgilangan talablariga rioya etilmagan, murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi buzilgan, mikroqarz shartnomalarida qonunchilikda nazarda tutilgan maʼlumotlar toʻliq aks ettirilmagan hamda mijozlarning kredit tarixi maʼlumotlari belgilangan muddatlarda kredit byurolariga taqdim etilmagan.

«Uzum bank»da esa rasmiy veb-saytda isteʼmolchilar uchun taqdim etilishi lozim boʻlgan axborotning minimal hajmiga oid talablar bajarilmagan, murojaatlarni koʻrib chiqish boʻyicha qonunchilik talablariga amal qilinmagan, kredit tarixi maʼlumotlari kredit byurolariga kechiktirib yuborilgan hamda isteʼmolchilar bilan tuzilgan shartnomalarda qonunchilikda belgilangan talablar toʻliq aks ettirilmagan.

Aniqlangan qoidabuzarliklar xususiyati va koʻlami inobatga olinib, Markaziy bank tomonidan «Shaffof-moliya» mikromoliya tashkilotiga 201 million soʻm, «Tezcoin» mikromoliya tashkilotiga 156 million soʻm, «Uzum bank»ka esa 215,5 million soʻm miqdorida jarima sanksiyasi qoʻllanildi.

Shuningdek, «Ipoteka-bank» faoliyati yuzasidan kelib tushgan isteʼmolchilar murojaatlari oʻrganildi. Tekshiruvlar davomida kredit qarzdorliklari uchun mablagʻlar qarz oluvchilarning bank kartalaridan toʻlov jadvalida belgilangan sanadan oldin yechib olingani, shartnomada nazarda tutilmagan boʻlsa-da mablagʻlar akceptsiz (roziliksiz) yechilgani, garov reyestriga oid yozuvlar belgilangan muddatdan kech chiqarilgani hamda shartnomalarni rasmiylashtirishda qonunchilik talableri buzilgani aniqlangan.

Ushbu qoidabuzarliklar uchun «Ipoteka-bank»ka nisbatan 105 million soʻm miqdorida jarima sanksiyasi qoʻllanildi.

Bundan tashqari, joriy yilning birinchi choragida tijorat banklarining hududlardagi filiallari va alohida boʻlinmalarida «sirli mijoz» usulida nazorat tadbirlari oʻtkazildi. Ularda isteʼmolchilar bilan munosabatlarni tashkil etishda oshkoralik, shaffoflik hamda axborotlarning toʻliqligi va toʻgʻriligiga oid qonunchilik talablariga rioya etilmagani qayd etildi.

Natijada qoidabuzarliklarning xususiyati, koʻlami va davomiyligi hisobga olinib, 14 ta tijorat bankiga nisbatan jami 681,5 million soʻm miqdorida jarima qoʻllanildi. Jumladan, «Agrobank»ka 255 million soʻm, «Oʻzsanoatqurilishbank»ka esa 119,5 million soʻm jarima belgilandi.