Markaziy bank ayrim banklarga sanksiya qoʻlladi

    Moliya 18 Fevral 2021 687

     Hozirda tijorat banklarining mijozlarga xizmat koʻrsatuvchi barcha boʻlinmalari terminallar bilan toʻliq taʼminlangan.

    Shunga qaramay, ayrim hollarda joylardagi baʼzi tijorat banklarining boʻlinmalarida aholiga tegishli boʻlgan bank kartalari orqali toʻlovlarni amalga oshirishni rad etish, asocsiz ravishda terminallardan foydalanmaslik hamda karta egalariga bank kartasidagi pul mablagʻlarini terminal orqali naqdlashtirib bermaslik bilan bogʻliq holatlar kuzatilmoqda. Bu esa isteʼmolchilarning huquqi va qonuniy manfaatlari buzilishiga olib kelmoqda hamda haqli eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda.

    Taʼkidlash kerakki, joriy yilda Markaziy bankning Bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati tomonidan Xorazm, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Namangan, Surxondaryo, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida nazorat tadbirlari oʻtkazildi. Ushbu hududlardagi qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻygan tijorat banklariga nisbatan (Agrobank, Xalq banki, Mikrokreditbank, Milliy bank, Oʻzsanoatqurilishbank, Ipoteka-bank, Hamkorbank, Qishloq qurilish bank, Asaka bank, Aloqabank, Turonbank, Trastbank, Ipak yoʻli banki, Davrbank va Infinbank) belgilangan tartibda jarima sanksiyalari qoʻllanildi.

    Shu bilan birga, Markaziy bank tomonidan tijorat banklariga terminallardan foydalanishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarning takrorlanmasligi uchun zaruriy choralar koʻrish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi hamda ularning ijrosi doimiy nazoratga olindi.

    Markaziy bank tijorat banklarini kelgusida ularning joylardagi barcha muassasalarida toʻlovlarni terminallar orqali amalga oshirish holati boʻyicha nazorat tadbirlarini oʻtkazishni davom ettirishi, shuningdek, tijorat banklaridan terminallardan foydalanishda qoidabuzarlikka yoʻl qoʻygan bank xodimlariga nisbatan egallab turgan lavozimidan chetlatishgacha boʻlgan jazo choralari qoʻllanilishini talab etishi toʻgʻrisida ogohlantiradi.