Markaziy bank firibgar kartadagi pullarni qay hollarda yechib olishi mumkinligi aytdi

    Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda notanish raqamlardan qilingan qoʻngʻiroq yordamida fuqarolarning bank kartalaridagi pul mablagʻlarini avtomatik yechib olinayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.

    Markaziy bank holat yuzasidan munosabat bildirdi.

    Qayd etilishicha, Oʻzbekistonda faoliyat olib borayotgan tijorat banklari hamda toʻlov tashkilotlari mobil ilovalarida firibgarlik holatlarining oldini olishga qaratilgan xavfsizlik choralari koʻrilgan.

    Xususan, fuqaro tijorat banki yoki toʻlov tashkiloti mobil ilovasidan foydalanish uchun roʻyxatdan oʻtishda telefon raqamini koʻrsatadi hamda SMS-xabar shaklida kelgan tasdiqlash kodini kiritadi, shuningdek, oʻz shaxsini tasdiqlash maqsadida qoʻshimcha biometrik identifikatsiyadan oʻtishi lozim. Roʻyxatdan muvaffaqiyatli oʻtgan fuqaro mobil ilovada oʻziga tegishli bank kartasini biriktirish imkoniga ega boʻladi.

    Mobil ilovaga bank kartasini biriktirishi uchun bank kartasiga ulangan telefon raqamiga bir martalik tasdiqlash kodi (OTR) yuboriladi. Ushbu OTP kod fuqaro tomonidan mobil ilovaga toʻgʻri kiritilganidan keyingina uning bank kartasi ilovaga biriktiriladi.

    Bunda mobil ilovada roʻyxatdan oʻtish jarayonida kiritilgan telefon raqami va bank kartasiga SMS-xabarnoma orqali ulangan telefon raqam bir xil boʻlishi lozim, aks holda bank kartasini ilovaga biriktirish rad etiladi.

    Shu bilan birga, tijorat banklari va toʻlov tashkilotlari mobil ilovalarida yangi roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchilarga nisbatan ilovaga biriktirilgan bank kartalaridan foydalanish 1 soatgacha cheklanadi.

    Biroq fuqaro oʻzining mobil ilovadagi akkauntini boshqarish huquqini beruvchi login va parol hamda telefon raqamiga kelgan bir martalik OTP kodni begona shaxslarga (firibgarlarga) berib qoʻysa yoki messenjerlar orqali tarqalayotgan zararli APK fayllarni mobil qurilmaga oʻrnatsa, uning bank kartasidan noqonuniy ravishda pul yechib olinishi mumkin!

    Yuqoridagilardan kelib chiqib, Markaziy bank aholi va tadbirkorlik subyektlarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan tasdiqlanmagan maʼlumotlarga ishonmaslikka chaqirib, faqat rasmiy manbalarga tayanishni tavsiya etadi.