Hozirgi kunda firibgarlarning internet tarmogʻidan soxta telefon raqamlari orqali fuqarolarga qoʻngʻiroq qilish holatlari kuzatilmoqda. Bunda firibgarlar Markaziy bank xodimi sifatida oʻzini tanishtirib, fuqarolarning ishonchiga kirishga urinmoqda.

Bundan tashqari, firibgarlar Telegram messenjerida Markaziy bank nomidan ochilgan “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki” (cb_uzbek) soxta qoʻllab-quvvatlash chatga qoʻshib, fuqarolarning bank kartalariga oid maʼlumotlarini qoʻlga kiritish orqali bank kartasidagi pul mablagʻlarini oʻzlashtirmoqda.

Markaziy bank bu kabi xabarlar va akkauntlarga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining hech qanday aloqasi yoʻqligini maʼlum qiladi.

Fuqarolar uchun quyidagi maʼlumotlarni eslatib oʻtiladi:

  • Markaziy bank jismoniy shaxslarga kreditlar ajratmasligini va moliyaviy xizmatlar koʻrsatish bilan shugʻullanmasligini yodda tuting.
  • Fuqarolardan ushbu xabarlarga eʼtibor qaratmaslik va bank kartalari maʼlumotlarini uchinchi shaxslarga bermaslik, hech qanday havolaga kirmaslik soʻraladi.
  • Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish jarayonida regulyatorning tarmoqlardagi verifikatsiyalangan sahifalaridan foydalanish tavsiya etiladi.