Joriy yilning yanvar-iyun oylarida bank kassalariga jami naqd pul tushumlari oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 32,0 foizga oshgan boʻlsa, savdo va xizmatlar sohasidan tushumlar 25,0 foizga (14,3 trln.soʻm) va bank xizmatlaridan naqd pul tushumlari 53,4 foizga (17,6 trln.soʻm) oshdi. Natijada, jami tushumlar tarkibida savdo va xizmatlar sohasidan tushumlar ulushi 2,6 foizli bandga kamaydi.

2022-yilning 6 oyida savdo va xizmatlar sohasidan jami tushumlar 114,7 trln. soʻmni tashkil qilib, shundan, 62,5 foizi (71,7 trln.soʻm) naqd shaklda, 37,5 foizi (43 trln.soʻm) terminallar orqali bank hisobraqamlariga kirim qilindi. Oʻtgan yilning shu davrida mos ravishda 64 foizi (57,4 trln.soʻm) naqd shaklda, 36 foizi (32,2 trln.soʻm) terminallar orqali bank hisobraqamlariga kirim qilingan.

Joriy yilning yanvar-iyun oylarida bank kassalaridan (shu jumladan, bankomatlardan) berilgan naqd pullar 2021-yilning mos davriga nisbatan 40,8 foizga (47,5 trln.soʻm) oshishi kuzatilgan boʻlsa, ushbu oʻsishning asosiy qismi bank kartalaridan naqd pul yechish hajmi 22,2 trln. soʻmga (52,7 %) hamda banklar tomonidan naqd chet el valyutasini sotib olish uchun 13,6 trln. soʻm (43,7%) oshishi hisobiga yuzaga keldi.

Shuningdek, joriy yilning birinchi yarim yilligida bank kartalariga kirim qilingan mablagʻlar oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 80,6 foizga (102,3 trln.soʻmga) oshib, 229,2 trln. soʻmni tashkil qildi.

Ushbu davrda bank kartalaridagi 64,3 trln. soʻmlik (28,1 foiz) mablagʻlar aholi tomonidan naqdlashtirib olingan.

Banklarga tushgan naqd pullarning ularga boʻlgan talab oʻrtasidagi farq Markaziy bank tomonidan muomalaga qoʻshimcha naqd pullarni chiqarish orqali taʼminlab borildi.

Jumladan, Markaziy bank tomonidan joriy yilning 6 oyi mobaynida muomalaga qoʻshimcha 11,8 trln. soʻm naqd pullar chiqarildi va 1-iyul holatiga naqd pullarning umumiy pul massasidagi ulushi 25,6 foizni tashkil etdi.