“Mikromoliyalash toʻgʻrisida”gi Qonunga asosan mikroqarz qarz oluvchiga 50 mln. soʻmdan oshmaydigan summada berilishi koʻzda tutilgan.
Yaʼni mazkur 50 mln. soʻm kreditning eng yuqori chegarasi boʻlib, banklar tomonidan mijozning moliyaviy holati, toʻlash qobiliyatidan kelib chiqqan holda kredit summasi mustaqil belgilanadi.
Aksariyat banklar tomonidan mazkur kreditlarni ajratish soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilib, bunda bankka faqat shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki harbiy guvohnoma) taqdim etilishi kifoya.
Pandemiya sharoitida banklar tomonidan masofaviy bank xizmatlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bugungi kunda jismoniy shaxslarga onlayn tarzda mikroqarz va overdraft krediti ajratish tizimi 13 ta bankda yoʻlga qoʻyilgan.
Kreditlar boʻyicha toʻlovlar qiymati kreditlarning muddati va foiz stavkasidan kelib chiqib belgilanadi. Masalan, 12 oy muddatga yillik 24 foizdan 20 mln. soʻm mikroqarz olsangiz, oʻrtacha toʻlov miqdoringiz 2 mln. soʻm atrofida boʻlib, boshqa kredit qarzdorliklaringiz mavjud emasligini inobatga olgan holda, sizning oylik daromadingiz 4 mln. soʻmdan kam boʻlmasligi lozim. Yaʼni daromadingizning 50 foizi qarzingizni qoplashga yoʻnaltiriladi.









