Markaziy bankda AQSHning CLDP vakillari bilan uchrashuv oʻtkazildi

    Moliya 5 Noyabr 2024 343

    Markaziy bankda AQSH Savdo vazirligining Savdo huquqini rivojlantirish dasturi (CLDP) vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Muloqot chogʻida Markaziy bankning “CERT-CBU” kiberxavfsizlik markazi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, bank va toʻlov tizimlarida kiberxavfsizlikni taʼminlash maqsadida dasturiy va texnik yechimlarni joriy qilish, bank kartalari bilan bogʻliq firibgarlik holatlarining oldini olish uchun antifrod tizimlarini yoʻlga qoʻyish hamda mobil ilovalar xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqidagi maʼlumotlar taqdim etildi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston bozoriga yangi toʻlov tizimlarini integratsiya qilish, buning uchun milliy huquqiy asoslarni takomillashtirish borasida olib borilgan ishlar atroflicha muhokama etildi.

    Uchrashuv yakunida kiberxavfsizlik sohasida kadrlarni yetishtirish va malakasini oshirish, moliyaviy texnologiyalar, xavfsiz toʻlov tizimlari borasida onlayn tajriba almashishni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi, deb xabar beradi Markaziy bank matbuot xizmati.