Mutasaddilarning sa’y harakatlari bilan hayrli ishga qo‘l urildi. Qishloqda mo‘jazgina maktabgacha ta’lim tashkilotining ish boshlashi 130 xonadonli qishloq ahlining chinaqam quvonchiga aylandi.
Avvallari qishloq bolalari qo‘ni-qo‘shnilar va mahalladoshlarning shaxsiy transport vositasida bir necha o‘n kilometrlab masofaga bog‘chaga qatnagan. Qamrov ko‘rsatkichi esa juda past edi. Zamonaviy muassasaning ish boshlashi qishloq onalarining huzur xalovati, farzandlari kelajagining ostonasiga aylandi.
Qishloq ahli uchun hududning markazdan uzoqligi sabab boshqa masalalarda ham qiyinchiliklarga duch kelishi tabiiy. Yozyovon tuman Davlat xizmatlari markazi yangi bo‘stonliklarning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilish maqsadida yangi ochilgan muassasaga bolalarni navbatga qo‘yish jarayonini bog‘chaning o‘zida sayyor tartibda amalga oshirdi. Mobil xizmatlar davomida 50 dan ortiq bolajonlarga MTT ga borish uchun yo‘llanmalar berildi.
— Qishlog‘imiz markaziy Farg‘ona cho‘llarini o‘zlashtirish jarayonlarida posyolka sifatida tashkil etilgan. Xozirda bu yerda 350 dan ortiq fuqarolar istiqomat qiladi, — deydi qishloq faoli Hilola Nishonova. — Xursand bo‘lganimiz — MTT ochilishi bilan yo‘limizni yaqin qilib tuman Davlat xizmatlari markazi xodimlari sayyor tartibda, bolajonlarimizga yo‘llanmalarni shakllantirib berishdi.
Sayyor xizmatlar davomida bolalarni bog‘chaga joylashtirishga yo‘llanmalar berilishi bilan bir qatorda, kadastr, kommunal sohalar bo‘yicha ham huquqiy tushunchalar berildi. Aholiga davlat xizmatlari sohasidagi yangiliklar va yaratilayotgan imtiyozlar haqida aytib o‘tildi. Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish mumkinki, tuman miqyosida joriy yil 6 oyi davomida aholiga 1 ming 200 dan ortiq sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatilgan, deb xabar beradi DXA Farg‘ona viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.