2021-yil 12-oktyabrda Nur-Sulton shahrida amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz arab mamlakatlari hamkorlik kengashi” (KAMHK) shaklidagi birinchi maslahat uchrashuvida ishtirok etdi.
Tadbirda, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Bahrayn tashqi siyosat idoralari rahbarlari hamda KAMHK bosh kotibi Naif al-Hajraf ishtirok etdi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan KAMHK Bosh kotibiyati oʻrtasida oʻzaro maslahatlashuvlar mexanizmi boʻyicha Anglashuv memorandumi imzolandi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.
Hujjat ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirishga hissa qoʻshadi va tomonlarni qiziqtirgan masalalar boʻyicha muntazam maslahatlashuvlar tashkil etishni koʻzda tutadi.