“Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 26 Dekabr 2022 1834

    2022-yil 24-dekabrda Tokio shahrida “Markaziy Osiyo+Yaponiya” muloqoti tashqi ishlar vazirlarining 9-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Yaponiya tashqi ishlar vazirlari Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya oʻrtasida transport bogʻliqligi, logistika, sanoat kooperatsiyasi, sogʻliqni saqlash, taʼlim va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish sohalarida ikki va koʻp tomonlama shakllardagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildilar.

    Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

    Mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov oʻz nutqida Yaponiya Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishini taʼminlashda ishonchli hamkor ekanligini, mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotini sanoat va infratuzilma modernizatsiyasiga salmoqli hissa qoʻshayotganini taʼkidladi.

    Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoda yangi siyosiy muhit shakllangani, koʻplab masalalar hal etilgani, iqtisodiy hamkorlik kengaytirilgani, insonlar oʻrtasida erkin muloqot uchun sharoit yaratilgani alohida qayd etildi. Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida 2016-yildan 2021-yilgacha Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 2,5 barobarga oshib, 6,4 milliard dollarni tashkil etdi.

    Shu nuqtayi nazardan, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yaponiya oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik samaradorligini oshirish, jumladan, “Markaziy Osiyo+Yaponiya” biznes-muloqotini oʻtkazish, Yaponiya nou-xau va investitsiyalarini joriy etish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish, transport tizimini raqamlashtirish, barqaror energiya taʼminoti, “yashil” kun tartibini ilgari surish, tibbiyot muassasalari va korxonalarini yaratishda Yaponiyadan grant mablagʻlarini jalb etish boʻyicha tashabbuslar eʼlon qilindi.

    Kadrlar malakasini oshirish, migratsiya, turizm, madaniyat sohalarida hamkorlikni faollashtirish imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.