Bu borada Oʻzbekiston har qachongidanda faol boʻlgan tashqi siyosatni yuritmoqda. Xususan, 2017-2021-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan Harakatlar strategiyasining beshinchi — Xavfsizlik, diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni taʼminlash hamda chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar doirasida prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tashqi siyosatdagi bosh ustuvor yoʻnalish sifatida Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik muhitini yaratish siyosati olib borilmoqda.

Jumladan, prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi, 2017-yil 11-noyabr kuni Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro konferensiyadagi, 2018-yil mart oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiyasidagi chiqishlarida hamda 2018-yil 15-mart kuni Ostona shahrida, 2019-yil 29-noyabr kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi va ikkinchi Maslahat uchrashuvlaridagi nutqlarida Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy infratuzulmalarini tiklashga oid taklif va tavsiyalari Xalqaro miqyosida qoʻllab-quvvatlanib kelinmoqda.

Eʼtiborli jihati shundaki, bunday faol mintaqaviy strategik tashqi siyosat bugungi pandemiya davri cheklovlariga qaramasdan izchillik bilan davom ettirilmoqda. Jumladan, prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy yilning 15-16-iyul kuni Toshkentda oʻtkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi konferensiyada Afgʻoniston masalasida nafaqat Markaziy Osiyo, shu bilan birga, Janubiy Osiyo davlatlari yakdillik namoyish etib, ikki mintaqa oʻrtasida hamkorlikni tiklash, bu masalada Afgʻonistonning oʻrni juda ham muhim ekanligini alohida eʼtirof etishdi.

Oradan qisqa vaqt oʻtib, mazkur konferensiyada erishilgan yutuqlarning davomi sifatida “Avaza” Maslahat uchrashuvi tashkil etildi. Ushbu Maslahat uchrashuvida ham kun tartibidagi dolzarb masalalardan biri sifatida Afgʻoniston masalasida yakdil yondashuvga kelishish, mintaqada yangicha siyosiy muhit paydo boʻlishida ushbu davlatdagi ijtimoiy-siyosiy barqarorlikning muhimligi muhokama qilindi.

Xususan, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov raislik qilgan Maslahat uchrashuvida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, shuningdek, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markaz rahbari Natalya German xonim ham ishtirok etdi.

Maslahat uchrashuvida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan butun mintaqamiz xavfsizligi va barqaror rivojlanishi koʻp jihatdan qoʻshni Afgʻonistondagi vaziyatni siyosiy yoʻl orqali tartibga solinishi bilan bevosita bogʻliqligi hamda oʻt ochish va zoʻravonlikni toʻlaligicha toʻxtatish, muzokaralar asosida barcha tomonlar uchun maqbul boʻlgan kelishuvga erishilishi kerakligi taʼkidlandi.

Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari tomonidan mintaqada tinchlik, yaxshi qoʻshinchilik va oʻzaro tushunishni mustahkamlash kerakligi, bu kabi xalqaro darajadagi uchrashuvlarda mintaqa davlatlarining hamjihatlikdagi fikrlari bir joydan chiqishi manfaatlar nuqtasi bir joyda kesishishiga omil boʻlishini taʼkidladi. Bu esa Markaziy Osiyoning yaqin kelajakdagi iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Bir soʻz bilan aytganda, bunday Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oʻzaro ishonch va doʻstona asosda boʻlib oʻtgan Maslahat uchrashuvida Afgʻoniston boʻyicha qarashlarni oʻzaro birligi, mintaqada yangi preventiv diplomatiyaning hukum surishiga hamda ushbu masalada yangi tendensiyalar va strategiyalarni ishlab chiqishga turtki boʻlmoqda.

Muxtasar aytganda, Afgʻonistonda tinchlik va faravonlikni taʼminlash Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, shu bilan birgalikda transafgʻon “Mozori Sharif-Kobul-Peshovar” temir yoʻl loyihasini amalga oshirish imkoniyatlarini yana-da kengaytiradi. Mazkur loyiha orqali ikki mintaqa davlatlarining ijtimoiy-iqtisodiy, savdo-sotiq, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorligining rivojlanishi faqat va faqat mintaqa xalqlarining faravonligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Iskandar OʻROQBOYEV,

“Taraqqiyot strategiyasi” Markazi

Loyihalar bilan ishlash boʻlimi

bosh mutaxassisi