Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollari muloqotining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

    Mamlakatimizda 13 Aprel 2022 5787

    Joriy yil 12-aprelda Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollari muloqotining navbatdagi yigʻilishi videokoferens aloqa shaklida boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T. Narbayeva, Turkmaniston Milli Gengeshi Mejlisi Raisi G. Mamedova, Kozogʻiston Respublikasi Parlamenti Raisi oʻrinbosari B. Kesembayeva, Tojikiston Respublikasi hukumati huzuridagi Xotin-qizlar va oila masalalari qoʻmitasi raisi H. Qurbonzoda, Qirgʻiziston Respublikasining BMTdagi doimiy vakili A. Kasimaliyeva, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili N. German, “BMT-Ayollar” tuzilmasining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha mintaqaviy direktori A. El-Yassirhamda yana bir qator xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etdi.

    Muloqot ishtirokchilari Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan gender tenglikni taʼminlash boʻyicha siyosatni amalga oshirishda erishilgan yutuqlar yuzasidan fikr almashdi.

    Muhokamalar davomida T.Narbayeva 2022-yilda platformaga Turkmanistonni raislik qilayotgani bilan tabriklab, ish faoliyatiga ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.Shuningdek, Senat raisi Muloqot doirasida Markaziy Osiyoda gender tenglikni taʼminlashda sezilarli yutuqlarga erishilgani, ayollar huquq va manfaatlarini taʼminlash borasida mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlar yangi bosqichga koʻtarilganini qayd etib oʻtdi.

    Oʻz navbatida, N.German Muloqot platformasi jahon miqyosida tobora tanilib borayotganini, bunda platformaga Oʻzbekiston raislik qilgan davr ulkan ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

    A.El-Yassiresa Oʻzbekistonning muloqotga raisligi va ayollarni qoʻllab-quvvatlash masalasida mintaqada yetakchilik qilayotgani platformani muhim siyosiy darajaga olib chiqqanini alohida eʼtirof etdi.

    Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtadigan boʻlsak, Oʻzbekiston 2021-yilda Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollari muloqotiga raislik qilib, ushbu davr mobaynida 12 ta turli tadbir tashkil etilgan va 8 ta muhim hujjat qabul qilinishiga erishilgan.

    Yigʻilish kun tartibiga muvofiq Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollari muloqoti faoliyati toʻgʻrisidagi Nizom loyihasi hamda platformaning 2022-yildagi ish rejasi muhokama qilindi.

    Oliy Majlis Senati Axborot xizmati.