Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi toʻgʻrisida

    Xalqaro hamkorlik 14 May 2022 999

    2022-yil 13-may kuni Dushanbe shahrida tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi siyosat mahkamalari rahbarlarining navbatdagi uchrashuvida ishtirok etdi.

    Tadbir ishtirokchilari mintaqaviy hamkorlikning dolzarb mavzulari, jumladan, iqtisodiyot sohasida, savdo va investitsiyalar, transport va tranzit, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, zamonaviy tahdidlar va xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurash sohalarida aloqalar samaradorligini oshirish istiqbollarini koʻrib chiqdilar.

    Tomonlar Markaziy Osiyo davlatlari Rahbarlarining navbatdagi, toʻrtinchi, Maslahatlashuv uchrashuviga tayyorlarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

    Kelgusi sammit doirasida imzolanishi rejalashtirilgan XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish maqsadida Doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma mintaqamiz mamlakatlari hamkorligi tarixida yangi davrni boshlab berishi taʼkidlandi.

    Tomonlarning yakdil fikricha, mintaqamiz davlatlari oʻrtasidagi izchil va oʻzaro manfaatli hamkorlik Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyoti va umumiy farovonligini taʼminlash gʻoyasiga mutlaq monanddir.