Markaziy Osiyo tadbirkor ayollari oʻzaro sheriklikni mustahkamlamoqda

    Xalqaro hamkorlik 28 Sentabr 2021 661

    Bugungi kunda ayollarning biznesdagi oʻrni yangi bosqichga koʻtarilib, jadallik bilan oʻsishda davom etyapti.

    Ayollar rahbarlik lavozimlarida boʻlishi kompaniyalarning iqtisodiy muvaffaqiyatiga, biznesni boshqarishga va uning moliyaviy holatiga ijobiy taʼsir koʻrsatayotgani ham sir emas.

    2021-yil 28-sentyabrda Savdo sanoat palatasida Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti doirasida “B2B” uchrashuvlari formatida onlayn tarzda Markaziy Osiyo mamlakatlari tadbirkor ayollari oʻrtasida Kooperatsion birja oʻz ishini boshladi. 3 kun davomida boʻlib oʻtadigan tadbir Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi koʻmagida tashkil etildi.

    Qayd etish joizki, ushbu Kooperatsion birja Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston tadbirkor ayollari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatish hamda hamkorlik va ishbilarmonlik sheriklikni yoʻlga qoʻyish maqsadida oʻtkazilyapti.

    Tadbir ochilishida Oliy Majlis Senati Raisi, Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti raisi Tanzila Narbayeva va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska ishtirok etib, nutq soʻzladilar.

    T.Narbayeva Markaziy Osiyo tadbirkor ayollarini biznes atrofida birlashtirish, ularni qoʻllab-quvvatlash, Oʻzbekistonda ayollarga yaratilayotgan shart-sharoitlar va qoʻshni davlatlardagi tadbirkor ayollar bilan yoʻlga qoʻyilayotgan yangi hamkorlik ishlariga alohida toʻxtalib oʻtdi.

    — Oʻzbekistonda tadbirkor ayollarni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Ayni vaqtda respublikamizda 170 mingdan ortiq tadbirkor ayol mavjud. Ayollarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha faoliyat yuritayotgan davlat jamgʻarmasi tomonidan tadbirkor ayollar loyihalari uchun imtiyozli kreditlar ajratib kelinyapti. Barcha viloyatlarda har yili 30 mingdan ortiq ayolni tadbirkorlikka oʻqitish va qayta tayyorlash, ish bilan taʼminlash masalalari boʻyicha amaliy yordam koʻrsatuvchi markazlar faoliyat yurityapti, — dedi Senat raisi T.Narbayeva.

    Markaziy Osiyo ishbilarmon ayollarining “B2B” uchrashuvlari sanoat, xizmat koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi, sanʼat va hunarmandchilik hamda innovatsion texnologiyalar kabi mavzuli sessiyalarga boʻlingan.

    Kooperatsion birja davomida Markaziy Osiyo tadbirkor ayollari boʻlajak sheriklari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatadi, kelgusidagi hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama qiladi. Bu esa ayollarning imkoniyatlarini yanada kengaytirib, ikki tomonlama va mintaqaviy formatlarda ishbilarmonlik aloqalarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni davom ettirishga koʻmaklashadi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Tadbir yakunlariga koʻra, har bir tematik sessiya natijalari sarhisob qilinishi va Markaziy Osiyo tadbirkor ayollari oʻrtasidagi erishilgan kelishuvlar eʼlon qilinishi kutiladi.