Markaziy Osiyo xalqaro institutida Amerika tinchlik instituti ekspertlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov Amerika Tinchlik Instituti (USIP) vakillari, katta ekspert Karla Friman va dastur mutaxassisi Alison Makfarland, shuningdek, Stokgolm tinchlik tadqiqot instituti (SIPRI) sobiq direktori Beyts Gill bilan uchrashdi.

    Fikr almashish jarayonida Markaziy Osiyo mamlakatlarining yetakchi mamlakatlar va birlashmalar bilan oʻzaro hamkorligi “Markaziy Osiyo plyus” muloqot formatida faollashgani qayd etildi. Oʻzbekiston tomonidan faol targʻib qilinayotgan yaxshi qoʻshnichilik siyosati va mintaqaviy hamkorlikni muvaffaqiyatli rivojlantirish bu jarayonning asosiy omili ekanligi taʼkidlandi.

    2023-yilda mintaqaning yetakchi sheriklari bilan “C5+1” formatidagi sammitlar Markaziy Osiyo xalqaro munosabatlarning toʻlaqonli subyekti va nufuzli ishtirokchisi sifatida oʻz mavqeini mustahkamlayotganini taʼkidladi.

    Ekspertlarning fikricha, mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi xalqaro hamkorlik yanada mustahkamlash zarur. Ular mintaqaning global hamjamiyat bilan integratsiyalashuv saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash, xususan, “Oʻrta yoʻlak”ni rivojlantirish, savdoni kengaytirish, aloqalarni mustahkamlash va taʼminot zanjirlarining barqarorligi, iqtisodiyotning oʻsishi va mintaqa farovonligini oshirish muhimligini taʼkidladi.

    Qoʻshma ilmiy tadqiqotlar olib borish, tomonlar tomonidan tashkil etilgan davra suhbatlari va konferensiyalarda ishtirok etish, ilmiy-tadqiqot muassasalarining internet resurslarida chop etish uchun mutaxassislarning ilmiy maqolalarini almashish imkoniyatlari muhokama qilindi.

    AQSH tinchlik instituti Amerika federal muassasasi boʻlib, uning vazifasi butun dunyo boʻylab nizolarni hal qilishga koʻmaklashishdir. Diplomatiya, vositachilik va boshqa tinchlik oʻrnatish choralari boʻyicha tadqiqotlar, tahlillar va treninglar oʻtkazadi. 1984-yilda Prezident Ronald Reygan tomonidan imzolangan qonun bilan tashkil etilgan.