Toshkent viloyatidagi “Astrum IT akademiyasi”da Markaziy Osiyo yoshlar forumi boʻlib oʻtmoqda. Mintaqada yashovchi yigit-qizlar oʻrtasidagi ishonch va doʻstlik aloqalarini yanada mustahkamlash, yoshlarni qoʻllab-quvvatlovchi tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan anjuman yosh avlodning ijtimoiy loyiha va dasturlarini muvaffaqiyatli amalga oshirish, intellektual salohiyat egalarini ezgulik yoʻlida birlashtirishda oʻziga xos platforma vazifasini oʻtayotir.
Forumda Markaziy Osiyo davlatlarining yoshlar siyosatiga masʼul idoralari va jamoat tashkilotlari rahbarlari, jahon va respublika fan olimpiadalari gʻoliblari, xalqaro toifali yosh shaxmatchilar va grossmeysterlar, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasi boʻyicha iqtidorli yigit-qizlar ishtirok etmoqda.
Tadbir davomida ilm-fan va axborot texnologiyalari yoʻnalishlari boʻyicha mintaqada yoshlar siyosatini rivojlantirishga qaratilgan qator ijtimoiy loyihalar ishlab chiqildi. Shaxsiy rivojlanish boʻyicha treninglar oʻtkazildi. Yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish maqsadida “Zakovat” intellektual oʻyini hamda Markaziy Osiyo yosh shaxmatchilari turniri tashkil etildi.
Forumda qatnashayotgan Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlarining yoshlar siyosatiga masʼul mutasaddilari bilan ikki va koʻp tomonlama uchrashuvlar ham oʻtkazildi.
Alisher SAʼDULLAYEV, Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori:
— Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo yoshlar forumida asosiy urgʻu mintaqa yoshlarining bilimi, salohiyati, dunyoqarashi va gʻoyalarini yagona maydonda uygʻun holda koʻrishga qaratildi. Mintaqamiz Osiyo qitʼasida oʻz oʻrni va mavqeiga ega. Eʼtiborli tomoni — aholisining salmoqli qismi yoshlardan iborat. Agar biz toʻgʻri yoʻl koʻrsatib, iqtidori, salohiyati, bilimi, tadbirkorlikka qiziqishi va gʻoyalarini toʻgʻri baholab, oʻz vaqtida qoʻllab-quvvatlay olsak, ular Markaziy Osiyoning rivojlanishiga ulkan hissa qoʻshadi.
Bugungi forumda qoʻshni mamlakatlarning yoshlar masalalari bilan shugʻullanuvchi mutasaddilari, faol yoshlari, jamoatchilik vakillari oʻz taklif va yangi gʻoyalarini muhokama qilyapti. Bu bizga nima beradi? Avvalo, hozirgi mavjud salohiyatimizni oshirish, jamiyatdagi mushtarak muammolar yechimini topish, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi madaniy-maʼrifiy aloqalar, yuqori texnologiyalar, IT sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bu nufuzli tadbirning “Astrum IT akademiyasi”da tashkil etilgani bejiz emas. Hozirgi davrni axborot texnologiyalarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Shu bois, yoshlar forumini ikkita asosiy yoʻnalishiga urgʻu berib tashkil qildik. Avvalo, intellektual salohiyatni oshirishga eʼtibor qaratdik. Markaziy Osiyoning eng yosh shaxmatchilari bugun bu yerda jamlandi. Shuningdek, forum doirasida oʻtkazilayotgan “Zakovat” intellektual oʻyinini kelgusida Markaziy Osiyodagi umumiy maʼrifiy harakatga aylantirish gʻoyasi bor.
“Astrum IT akademiyasi” mehmonlarda unutilmas taassurot qoldirdi. Ular shu akademiyaga yoshlarni yuborish istagini bildirmoqda. Bu ham mamlakatimizda IT sohasiga qaratilayotgan eʼtiborning mahsuli, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Hademay Markaziy Osiyoning eng bilimli yoshlari mana shu dargohga kelib, tahsil oladi, yangi gʻoyalar ustida ishlaydi. Bu bizning kelajakdagi birdamligimiz mustahkamlanishi, yangi loyiha va tashabbuslarimiz roʻyobi uchun katta turtki boʻladi. “Birlashib yuksalamiz!” shiori ostida Markaziy Osiyo yoshlari birlashdi. Oʻzbekiston mana shu tashabbusning markazida turibdi. Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikistondan kelgan vakillar bilan birma-bir uchrashib, oʻzaro tajriba almashish imkoniyatlarini forum doirasida muhokama qildik.
Eʼtiborli yana bir jihat shuki, mamlakatimizdagi “Yashil makon” umummilliy loyihasining ahamiyati tushuntirilganda, hamkorlarimiz akademiya hududida “Markaziy Osiyo yoshlari bogʻi”ni barpo etish tashabbusini bildirdi. Bu ham ramziy maʼnoga ega juda katta tashabbus. Har bir vazirlik va idoradan kelgan vakillar, yosh volontyorlar buni mamnuniyat bilan qabul qildi. Bu — yoshlar yashil makon uchun, musaffo kelajak qurish uchun mushtarak harakat qilayotgani belgisi.
Zubayda XOʻJAMOVA, Turkmaniston Respublikasi delegatsiyasi vakili:
— Markaziy Osiyo davlatlari yoshlari bilan tanishib, ular bilan muloqot qilish imkoniyati yaratilganidan mamnunman. Yoshlar forumining asosiy maqsadi mintaqa yoshlarini birlashtirishdir. Anjuman qiziqarli tadbirlarga boyligi bilan yodimda qoladi. Toshkent shahri boʻylab sayohat, “Yoshlar bogʻi”dagi daraxt ekish marosimi, texnoparkka ekskursiya maroqli kechdi. Xullas, forumda oʻzimga ishonchim yanada ortdi.
Avtomobillarga xizmat koʻrsatish yoʻnalishida tadbirkorlik bilan shugʻullanaman. Shu yoʻnalishdagi tadbirkorlik loyihalari eʼtiborimni tortdi.
Forum doirasida 21–23-may kunlari Andijon viloyatida “Oʻzbekiston — Qirgʻiziston yoshlar forumi”, Fargʻona viloyatida “Oʻzbekiston — Tojikiston yoshlar forumi”, Xorazm viloyatida “Oʻzbekiston — Turkmaniston yoshlar forumi” oʻtkaziladi.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri