баннер
2 Mar 2025
12:31

    Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tkaziladigan nufuzli anjumanga faol tayyorgarlik ko‘rilyapti

    Joriy yil 30-yanvarda Oliy Majlis Senatida Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasini o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

    Uni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva olib bordi.

    Ta’kidlanganidek, Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi 2025 yil 5-9-aprel kunlari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi.

    Ma’lumki, 190 ga yaqin mamlakatlar parlamentini birlashtirib kelayotgan Parlamentlararo ittifoq Assambleyasi yilda 2 marotaba o‘tkaziladi. Mazkur tadbir faqatgina parlamentarizm va barqaror rivojlanishning ijobiy tajribasi yuqori bo‘lgan mamlakatlardagina o‘tkaziladi.

    Yig‘ilishda O‘zbekistonning Parlamentlararo ittifoqqa a’zoligi 2017-yilda qayta tiklangani ta’kidlab o‘tildi. O‘tgan qisqa davr mobaynida mamlakatimiz parlamentarizm va barqaror rivojlanish sohasida juda katta tajribaga erishgan. Respublikamiz yutuqlari yirik xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar tomonidan alohida e’tirof etilyapti.

    Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasining O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishi tarixiy voqyelikdir, chunki bunday tadbir Markaziy Osiyo mintaqasida ilk marotaba o‘tkazilyapti.

    Yig‘ilishda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan mazkur Assambleyaning asosiy mavzusi «Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati» deb nomlangani, uning doirasida butun dunyo parlamentlari aholini ijtimoiy himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish, huquq ustuvorligini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishi qayd etildi.

    Shuningdek, bir hafta davomida Parlamentlararo ittifoqning qo‘mitalari tomonidan inson huquqlarini himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash, ilm-fan va texnologiya, yoshlar masalalariga bag‘ishlangan turli tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilyapti.

    O‘z navbatida, Senat Raisi mazkur tarixiy va nufuzli anjumanda barcha birdek faol bo‘lishi kerakligiga hamda uni yuqori saviyada tashkil etish borasida qator vazifalarga to‘xtalib o‘tdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech