Markaziy Osiyodagi eng yirik universitetda yaqin kelajakda qanday oʻzgarishlar kutilmoqda?

    Ta'lim 26 Oktabr 2021 1462

    Agrar sektor uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha bir qator oliy taʼlim muassasalari shugʻullanadi, shu jumladan, Toshkent davlat agrar universiteti (TDAU) ular orasida yetakchidir.

    Oʻquv yili boshida TDAUga yangi rektor, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xodjayev tayinlandi. Unga Agrar universitet bilan bogʻliq barcha masalalar, jumladan, oʻquv jarayonlarini takomillashtirish vazifasi yuklatildi. 2021-yil 23-oktyabrda boʻlib oʻtgan maxsus taqdimot-uchrashuvida Jamshid Xodjayev ishchi guruhi mutaxassislari ishtirokida bir nechta yoʻnalishlar boʻyicha universitetda mavjud muammolarning tahliliy natijalari, kutilayotgan oʻzgarishlar va yangiliklar bilan universitet talabalari va professor-oʻqituvchilarni tanishtirib oʻtdi.

    Shuningdek, ushbu uchrashuv doirasida hozirda 2 000 ga yaqin talaba istiqomat qilayotgan TDAUning 5 ta yotoqxonasi uchun avtomatik kir yuvish mashinalari, gaz plitalari, ikkita kamerali sovitkichlar, choyshab, yostiqjildlar, jihozlar va kundalik hayotda asqatadigan boshqa buyumlar bevosita talabalarning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda topshirildi.

    12 ta yangilik va TDAUdagi boshqa oʻzgarishlar: raqamlar va dalillarda

    Bugungi kunda qariyb 11 ming talaba tahsil olayotgan Markaziy Osiyoning eng yirik agrar universiteti – TDAU hududi taxminan 30 gektar maydonni qamrab oladi. Bu yerda 20 ta bino va inshootlar joylashgan boʻlib, ularning orasida 8 ta yotoqxona (5 ta amaldagi va 3 ta foydalanishdan chiqqan), oʻquv, laboratoriya va maʼmuriyat binolari, oshxona hamda yirik sport majmuasi mavjud.

    - Joriy yilning oktyabr boshidan boshlab, TDAUdagi oʻquv-taʼlim, ijtimoiy-iqtisodiy va maʼmuriy jarayonlarni takomillashtirish masalalariga mahalliy va xorijiy ekspertlar taklif etilgan boʻlib, joriy vaziyatni oʻrganish va taʼlimning barcha jarayonlarini toʻliq optimallashtirish ularga vazifa sifatida yuklatilgan.

    - Mutaxassislar tomonidan sohani rivojlantirish yuzasidan talabalarning amaliyotlarini yetakchi agrokorxonalarda va ilmiy-tadqiqot markazlarida oʻtash tizimi yoʻlga qoʻyiladi, talabalar va oʻqituvchilarning xorijda malaka oshirishiga, shuningdek, pedagoglarning malakasini tizimli oshirib borishiga hamda taʼlim sohasida zamonaviy yondashuvlarni rivojlantirishga alohida eʼtibor beriladi. Universitetning oʻzini oʻzi boshqarish va oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtiladi, taʼlim sifatini tekshirish tizimini rivojlantirish, universitet boshqaruvini avtomatlashtirish hamda uning raqobatdoshligini oshirish boʻyicha aniq strategiyalar ishlab chiqiladi.

    Professor-oʻqituvchilarning ishga, talabalarning oʻqishga kelib-ketish tizimi toʻliq nazoratga olinadi, yil yakuniga qadar 6 dona “FACE CONTROL” uskunalari va auditoriyalarga kuzatuv kameralari oʻrnatilishi rejalashtirilgan.

    - Yirik agroklasterlar va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, ular dastlabki bosqichda 4 ta dolzarb mavzu boʻyicha mahorat darslarida ishtirok etadi.

    - Vazirlik tizimidagi 5 ta oliy taʼlim muassasalari, 13 ta ilmiy-tadqiqot institutlari hamda 18 ta texnikumlarning oʻquv va ilmiy adabiyotlarini Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi yagona elektron maʼlumotlar bazasiga birlashtirish boʻyicha “Axborot-resurs markazi”ning loyihasi ishlab chiqiladi.

    - Oʻquv jarayoniga raqamli texnologiyalarni faol tatbiq etish maqsadida 5 ta maʼruza zallariga interaktiv elektron minbarlar, zamonaviy LED-monitorlar va boshqa texnologik uskunalar oʻrnatiladi.

    - Oliygoh binolaridagi 52 ta oʻquv va 3 ta ilmiy laboratoriyalar holati texnik ekspertlar tomonidan tahlil qilindi. Tahlil natijalariga koʻra, Jahon banki va Yevropa Ittifoqi hamkorligi doirasida amalga oshiriladigan qiymati 2,0 million dollarga teng “markazlashgan modul laboratoriyalar” loyihasini amaliyotga tatbiq etish uchun tayyorlanyapti. Mazkur laboratoriyalar professor-oʻqituvchilar va talabalarning oʻquv jarayoni chogʻida foydalanishi hamda qishloq xoʻjaligi sohasidagi tadbirkorlarga amaliy xizmat koʻrsatishi uchun moʻljallangan.

    - Joriy yil yakuniga qadar qiymati 2,6 million dollarga teng boʻlgan “Ekofiziologik tadqiqotlar” ilmiy laboratoriyasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Hozirgi kunga qadar 2,0 million dollarga teng boʻlgan laboratoriya jihozlari olib kelindi.

    - Infratuzilma va kommunal sharoitlarni yaxshilash borasida TDAUning oʻquv, maʼmuriyat binolari hamda talabalar turar joylarini uzluksiz isitish va issiq suvni taʼminlash uchun 7 ta zamonaviy qozonxona va 4 ta yer ostidan suv chiqarish inshootini qurish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, tegishli ekspertizadan oʻtkazildi va qurilish ishlarini boshlashga faol tayyorgarlik koʻrilyapti.

    - Yaqin kunlarda, tender-xarid jarayonlari yakunlangach, TDAUning mavjud 5 ta talabalar turar joylarining tom qismini taʼmirlash, 8 ta lift oʻrnatish ishlari boshlanadi va oʻz nihoyasiga yetkaziladi.

    Turar joylarga ehtiyoji boʻlgan talabalar sonining yildan-yilga ortishini inobatga olgan holda yil oxiriga qadar 200 dona ikki yarusli karavotlarni xarid qilish hisobiga qoʻshimcha 400 oʻrinni yaratish rejalashtirilgan.

    - 2022-yil sentyabr oyiga qadar foydalanishdan chiqqan binolar oʻrnida 800 oʻringa moʻljallangan zamonaviy 2 ta talabalar turar joylarini qurish koʻzda tutilgan.

    Taʼkidlash kerakki, ilm maskani tashkil etilganiga qariyb 90 yilga yaqin vaqt oʻtgan boʻlsada, bugungi kunga qadar uning balansida boʻlgan yer uchastkalari va mol-mulklariga nisbatan huquqlar belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan. Tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Toshkent davlat agrar universiteti va uning huzuridagi “Axborot-maslahat markazi” DUK tomonidan bugungi kunda foydalanib kelinayotgan yer uchastkalariga nisbatan huquqlarni belgilashni nazarda tutuvchi Hukumatning tegishli qarori loyihasi ishlab chiqildi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.

    “Bular faqat yaqin kelajakdagina TDAUni kutayotgan dastlabki oʻzgarishlar xolos, – dedi qishloq xoʻjaligi vaziri va TDAU rektori Jamshid Xodjayev. – Oliygoh rahbariyati va bizning rivojlantirish boʻyicha jalb qilgan mutaxassislarimiz boshlangan islohotlar va yangiliklar talabalar hamda pedagoglarning oʻquv jarayoniga boʻlgan qiziqishini oshirishiga, va albatta, taʼlim sifati darajasiga oʻz taʼsirini oʻtkazishiga ishonamiz. Bularning barchasi ilm-fan va texnologiyalar asosida, yer va suv resurslaridan oqilona hamda samarali foydalangan holda qishloq xoʻjaligini shiddatli ravishda rivojlantirishdan manfaatdor boʻlgan agrar sohaning yangi mutaxassislari paydo boʻlishi uchun asos boʻlishi darkor. Bu bugunning oʻzidayoq istiqbolli agrar sektorni rivojlantirish va aholining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash uchun haqiqatan ham muhim va kerakli boʻlgan masaladir”.