Markaziy Osiyodagi inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar vakillari mintaqaviy platformada jamlandi

    Xalqaro hamkorlik 21 Noyabr 2022 1396

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) va Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz vakillaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari 2022-yil 21-noyabrda Turkiyaning Istanbul shahrida ish boshlagan Markaziy Osiyodagi inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarning mintaqaviy muloqotida ishtirok etyapti.

    Markaziy Osiyodagi milliy inson huquqlarini himoya qilish institutlarini qoʻllab-quvvatlash tashabbusi – bu Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistondagi inson huquqlarini himoya qilish institutlarining mintaqaviy muloqot platformasi boʻlib, u 2016-yil noyabr oyida BMT Taraqqiyot Dasturining Istanbul mintaqaviy markazi va BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy boʻlinmasi koʻmagida tashkil etilgan.

    Uning maqsadi mintaqadagi inson huquqlarini himoya qilish institutlarini samarali, mustaqil va hamkorlikda ishlashi, ilgʻor amaliyotlar bilan tanishishi va oʻzaro tajriba almashishdan iborat. Shuningdek, ushbu platforma BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga hissa qoʻshadi.

    Seminar shaklida oʻtkazilgan mintaqaviy muloqotda taʼkidlanishicha, mintaqaviy platforma inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarning salohiyatini oshirish bilan birga mintaqadagi mavjud muammolarni milliy va xalqaro standartlar doirasida hal etishda inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarning oʻrnini oshirishga xizmat qiladi.

    Tadbirda ishtirok etgan Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova mamlakatimizda amalga oshirilayotgan inson qadriga asoslangan islohotlarda Ombudsmanning ishtiroki haqida toʻxtalar ekan, u jamiyatda koʻtarilayotgan inson huquqlariga oid masalalarga oʻz munosabatlarini berib borayotgani va mavjud muammolarni tizimli hal etish maqsadida tegishli organlarga oʻz takliflarini berib borayotganiga urgʻu berdi. Qolaversa, Yangi Oʻzbekistonning Yangi Konstitutsiyasini ishlab chiqish borasidagi islohotlar natijasida Ombudsman institutiga qonunchilik tashabbusi huquqining berilayotganini qayd etdi.

    Sessiyalarga boʻlingan holda oʻtkazilgan tadbirda Ombudsmanlarning Milliy inson huquqlarini himoya qilish muassasalarining Global alyansi tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazish, Parij tamoyillarini amaliyotga tatbiq etish, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarning BMTning huquqni himoya qilish mexanizmlaridagi ishtiroki, muqobil hisobot kiritishdagi ilgʻor amaliyotlar, ziddiyatli masalalarda Ombudsmanlarning oʻrni, biznes va inson huquqlari kabi dolzarb mavzularda muhokamalar oʻtkazildi.

    Markaziy Osiyodagi inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar uchun tashkil etilgan mintaqaviy seminar oʻz ishini 22-noyabrga qadar davom ettiradi.

    Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.