Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturi va Markaziy saylov komissiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga oid qator nizomlari loyihalari muhokama qilindi.

Yigʻilishda mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarish yoʻlida oʻz oldiga buyuk maqsadni qoʻygan Yangi Oʻzbekistonda Prezident saylovi bu yil yangi milliy saylov qonunchiligi, umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga amal qilingan holda, demokratik tamoyillar asosida va va butunlay yangicha muhitda oʻtishi alohida taʼkidlandi.

Prezident saylovi mamlakatimizni rivojlantirishning beshta muhim ustivor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida oʻz ifodasini topgan ilgʻor demokratik gʻoyalarning amaldagi yana bir yorqin ifodasi boʻladi.

Bu saylovda ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik amalda keng taʼminlanishi uchun uchastka saylov komissiyalaridan to Markaziy saylov komissiyasigacha – barcha darajadagi saylov komissiyalari, barcha saylov tashkilotchilari oʻz ishini eng ilgʻor demokratik prinsiplar asosida va yuksak tashkiliy darajada amalga oshirishini taqozo qiladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 8-fevral kuni imzolangan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga doir qonun bilan saylov qonunchiligining takomillashtirilishi fuqarolarning saylov huquqi kafolatlarini, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini yana-da keng taʼminlashda muhim omil boʻlishi shubhasiz.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi saylov qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartishlarga binoan endi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlari saylovi ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasida oʻtkaziladi.

Prezident saylovi Yangi Oʻzbekistonda saylovchilarning siyosiy va huquqiy madaniyati tobora yuksalib borayotgan bir sharoitda boʻlib oʻtadi. Buning uchun saylovga tayyorgarlik koʻrishning dastlabki bosqichi, yaʼni saylov kampaniyasi eʼlon qilingunga qadar, zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish barcha saylov tashkilotchilarining muhim vazifasidir.

Ushbu vazifalardan kelib chiqib, majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturi batafsil muhokama qilindi va tasdiqlandi.

Dasturdan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ilk bor Saylov kodeksi asosida oʻtajak Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish borasida qadamba-qadam amalga oshiriladigan ishlar oʻzining batafsil ifodasini topgan. Bajariladigan vaziflarning ijro muddati va masʼul ijrochilari aniq koʻrsatilgan.

Avvalo, saylovga tayyorgarlik koʻrish jarayonini huquqiy va uslubiy jihatdan taʼminlash, saylov jarayoni ishtirokchilarining saylov qonunchiligiga oid bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash borasidagi ishlarni oʻz vaqtida va samarali tashkil etish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda barcha okrug va uchastka saylov komissiyalarining aʼzolari uchun seminarlar, treninglar, oʻquv mashgʻulotlari, konferensiyalar, davra suhbatlari boshqa tadbirlar, jumladan on-layn muloqotlar, oʻtkaziladi.

Asosiy tadbirlar dasturida saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, ushbu jarayonda axborot-tushuntirish ishlarini tashkil etish, saylovga tayyorgarlik jarayonini koronavirus pandemiyasi sharoitini hisobga olgan holda oʻtkazish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi.

Markaziy saylov komissiyasining majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi okrug va uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibini belgilab beruvchi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilgan nomzodni qoʻllab-quvvatlovchi imzolarni toʻplash va imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirish tartibi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibiga doir nizomlar qabul qilindi.

Yigʻilishda bu yilgi Prezident saylovi mamlakatimizda boshlangan keng qamrovli islohotlarning, xalqimiz Yangi Oʻzbekistonni barpo etish sari tashlayotgan dadil qadamlarning bardavom boʻlishini taʼminlash borasida barcha saylov tashkilotchilari uchun muhim sinov boʻlishi taʼkidlandi. Majlisda Markaziy saylov komissiyasining vakolatlariga taalluqli boshqa ayrim masalalar ham koʻrib chiqildi.

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati