Markaziy saylov komissiyasi saylov logotipidagi imloviy xatolarni tuzatdi

    Saylov 31 Iyul 2021 1062

    Joriy yil 23-iyul kuni mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasiga start berildi. Shuningdek, 28-iyul kuni oʻtkazilgan matbuot anjumanida saylov logotipining taqdimoti oʻtkazildi.

    Mazkur taqdimotdan soʻng logotip, uning ranglari, tuzilishi va dizayni xususida ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab fikr-mulohazalar bildirildi, deya xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.

    Qayd etilishicha, ushbu muhokamalarda bildirilgan takliflar Markaziy saylov komissiyasining ishchi guruhi tomonidan soha mutaxassislarini jalb qilgan holda oʻrganildi. Oʻrganishlar natijasida logotipga ayrim imloviy tuzatishlar kiritildi.

    Shuningdek, mazkur logotipni yaratish jarayoniga mablagʻ sarf etilmaganligi maʼlum qilinadi.

    Markaziy saylov komissiyasi mamlakatimiz jamoatchiligi saylov jarayonlariga befarq emasligini eʼtirof etadi va oʻz minnatdorligini bildiradi. Kelgusida ham Markaziy saylov komissiyasining faoliyati borasida bildirilgan har qanday xolis fikr-mulohaza eʼtiborsiz qolmaydi, deyiladi xabarda.