Markaziy saylov komissiyasi tarkibiga oʻzgartirishlar kiritildi

    Markaziy saylov komissiyasi aʼzoligiga Xalmuxammed Paluaniyazov va Muxtabar Xusanovaning nomzodlari tavsiya etilgan.

    Senatning elliginchi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish masalasi koʻrib chiqildi.

    Maʼlumki, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun bilan Saylov kodeksiga bir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan edi.

    Mazkur oʻzgartirishlar bilan Markaziy saylov komissiyasi toʻqqiz nafar aʼzodan iborat tarkibda tuzilishi va doimiy asosda faoliyat yuritishi, shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining bir nafar aʼzosi Qoraqalpogʻiston Respublikasining vakili boʻlishi belgilangan.

    Yuqoridagilardan kelib chiqib, amalda faoliyat yuritayotgan Markaziy saylov komissiyasining 14 nafar aʼzosi oʻz arizalariga koʻra vakolatlarini zimmasidan soqit qilishni soʻragan.

    Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qarorlariga binoan Markaziy saylov komissiyasi aʼzoligiga Xalmuxammed Paluaniyazov va Muxtabar Xusanovaning nomzodlari tavsiya etilgan.

    Dastlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qarorlariga binoan Markaziy saylov komissiyasi aʼzoligiga tavsiya etilgan nomzodlarni saylash masalasi koʻrib chiqildi.

    Shundan soʻng senatorlar Markaziy saylov komissiyasi aʼzolarining arizalari boʻyicha munosabatlarini ham bildirishdi.

    Muhokama yakuni boʻyicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.