Markaziy saylov komissiyasida yoshlar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Saylov 2 Oktabr 2024 655

    Bugun Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazildi.

    Uchrashuvda joriy yil 27-oktyabrda oʻtkaziladigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi yangilangan Konstitutsiyamizda mustahkamlab qoʻyilgan kuchli parlamentarizm va joylarda vakillik organlarining vakolatlari sezilarli darajada kuchaytirilgan sharoitda oʻtishi, shuningdek, ilk bor Qonunchilik palatasiga aralash saylov tizimi asosida boʻlib oʻtadigan saylovning mohiyati va ahamiyati yuzasidan soʻz yuritildi.

    Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va Saylov kodeksiga muvofiq fuqarolar 18 yoshdan saylash huquqiga ega boʻladi. Joriy yilgi saylovlarda 700 ming nafarga yaqin yoshlar birinchi marta ovoz berish huquqidan foydalanadi. Bu esa, saylov qonunchiligining mazmun-mohiyati boʻyicha yoshlar orasida targʻibot ishlarini yanada kuchaytirishni taqozo etadi.

    Shuningdek, mamlakatimizning 20 ming nafarga yaqin yoshlari saylov komissiyalari faoliyatida bevosita ishtirok etish orqali ham oʻz siyosiy faolligini ifoda etib kelyapti.

    Milliy saylov qonunchiligimizga koʻra Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar 25 yoshga, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar esa 21 yoshga toʻlgan boʻlishi kerak.

    Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish joizki, avvalgi saylovlarga qaraganda nomzodlar ham ancha yoshargan. Bu yilgi davlat hokimiyati vakillik organlari saylovlarida deputatlikka nomzodlarning 3 ming nafardan ortigʻini yoshlar tashkil etadi.

    Uchrashuvda saylash va saylanish – bu yoshlarning nafaqat konstitutsiyaviy huquqi, balki fuqarolik burchi ham ekanligi taʼkidlandi.

    Shu bilan birga, uchrashuv ishtirokchilariga milliy saylov amaliyotiga tatbiq etilgan yangiliklardan yana biri “E-Saylov” axborot tizimi va uning afzalliklari yuzasidan hamda saylov kampaniyasining muhim bosqichlari xususida maʼlumotlar berildi. Ishtirokchilarning saylovga oid fikr va mulohazalari tinglandi hamda ularni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.

    Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilarining ovoz berish tartibi boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida simulyatsion saylov uchastkasida saylov kunidagi ovoz berish jarayoni bevosita amaliy xatti-harakatlar misolida atroflicha tushuntirib berildi.

    Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.