Markaziy saylov komissiyasiga ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdori 300 milliard soʻm etib belgilangan

    Saylov 16 Iyun 2021 1538

    16-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi Zayniddin Nizamxodjayev boshqargan majlisning kun tartibidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha xarajatlar smetasini tasdiqlash, Markaziy saylov komissiyasining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishga oid masalalar joy oldi.

    “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonunga binoan joriy yilning oktyabr oyida boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish maqsadida Markaziy saylov komissiyasiga ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdori 300 milliard soʻm etib belgilangan.

    Harajatlar smetasini shakllantirish va Moliya vazirligi bilan kelishishda Saylov kodeksi hamda xalqaro saylov standartlari talablaridan, shuningdek, avvalgi saylovlar tajribasini tahliliy oʻrganish natijalaridan kelib chiqqan holda, Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonida mablagʻ talab etiladigan barcha jihatlar hisobga olindi.

    Jumladan, 14 ta okrug saylov komissiyasining har biriga 56 million 991 ming soʻmdan, shuningdek, qariyb 10 800 ta uchastka saylov komissiyasining har biriga 11 million 813 ming soʻmdan mablagʻ ajratish rejalashtirilgan.

    Majlisda okrug va uchastka saylov komissiyalari uchun ajratilayotgan ushbu mablagʻlarning 80 foizdan koʻprogʻi mazkur komissiyalar aʼzolarining ish haqi, kompensatsiya hamda yagona ijtimoiy toʻlovlar uchun sarflanishi qayd etildi. Pandemiya sharoitida saylov komissiyalari aʼzolari va saylovchilarning salomatligi bilan bogʻliq xavfsizligini taʼminlash uchun shaxsiy himoya vositalari va dezinfeksiyalovchi materiallar xaridiga doir mablagʻlar ham nazarda tutilgan.

    Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan va ijrosi izchil taʼminlanayotgan Saylov komissiyalari aʼzolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi boʻyicha trenerlar va monitoring guruhi aʼzolarining okrug va uchastka saylov komissiyalari aʼzoligiga jalb etiladigan nomzodlarning bilimi va koʻnikmasini oshirish maqsadida “kaskad” usulida tashkil etilgan oʻquv mashgʻulotlari uchun 18,4 milliard soʻm ajratilishi rejalashtirilgan. Ushbu mablagʻning 92 foizi trenerlar va monitoring guruhi aʼzolarining ish haqini tashkil etadi.

    Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq markazlashgan tartibda xarid qilinadigan saylov jihozlari, zarur moddiy-texnik vositalar, tovarlar va xizmatlar uchun ham mablagʻ ajratiladi.

    Yigʻilishda Markaziy saylov komissiyasining bir qator qarorlari saylov qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga muvofiqlashtirildi.

    Jumladan, saylov va referendumni tashkil etish hamda oʻtkazish sohasidagi huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar ilgari maʼmuriy sudlar tomonidan koʻrib chiqilgan boʻlsa, bundan buyon jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlari tomonidan koʻrib chiqiladi. Bu qoida Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorida ham mustahkamlandi.

    Endi saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlar ularning oʻtkazilishi joyi va vaqti haqida tuman (shahar) hokimliklari kamida uch kun oldin yozma ravishda xabardor qilingan holda oʻtkaziladi. Bunda, ushbu ommaviy tadbirlarni oʻtkazish uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.

    Avval Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazishda okrug saylov komissiyalari 9-11 nafargacha aʼzodan iborat tarkibda tuzilar edi. Boʻlib oʻtadigan Prezident saylovida mamlakatimiz boʻyicha oʻn toʻrtta okrug saylov komissiyasi faoliyat yuritishi, ayrim okruglarda saylov uchastkalari soni mingtagacha yetishi, saylov uchastkalarining baʼzilarida esa uch ming nafargacha saylovchi roʻyxatga olinishiga eʼtibor qilinsa, okrug saylov komissiyalari tarkibini kengaytirish zarurligi ayon boʻladi.

    Shu munosabat bilan Saylov kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalari tarkibini 11-21 nafargacha belgilash yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining tegishli qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

    Majlisda Markaziy saylov komissiyasining vakolatlariga taalluqli boshqa ayrim masalalar ham koʻrib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

    Markaziy saylov komissiyasi

    Matbuot xizmati