Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi

    Komissiya Raisi Z.Nizamxodjayev boshqargan majlis kun tartibidan Surxondaryo hamda Qashqadaryo viloyatida xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi saylov komissiyalari tomonidan Saylov kodeksi normalarining bir xilda qoʻllanilishi va mahalliy Kengashlarning boʻshab qolgan oʻrinlarga saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish amaliyotini hamda saylov jihozlarining saqlanish holatini manzilli oʻrganish natijalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2022-yil birinchi yarim yillik ish rejasining 1-chorak yakunlari boʻyicha ijrosi toʻgʻrisidagi masalalar oʻrin oldi.

    Majlisda, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatining xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi saylov komissiyalari faoliyatini oʻrganish natijalari boʻyicha Markaziy saylov komissiyasi ishchi guruhining axboroti muhokama etilib tegishli qaror qabul qilindi.

    Markaziy saylov komissiyasi ishchi guruhining maʼlumotnomasida berilgan takliflar asosida chora-tadbirlar belgilanishi va amalga oshirilishi yuzasidan koʻrsatma berildi.

    Shuningdek majlisda 2022-yil birinchi yarim yillik ish rejasining 1-choragida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari bilan ishlash, markaziy saylov komissiyasining huquqiy hujjatlarini tizimlashtirish, saylov jarayonlari va saylov qonunchiligini qoʻllash amaliyotini takomillashtirish, markaziy saylov komissiyasi faoliyatining ochiqligini taʼminlash, saylov tizimi va saylov jarayonlarini keng yoritish, jamoatchilik bilan aloqalarni mustahkamlash, markaziy saylov komissiyasi faoliyatiga va saylov jarayonlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, saylov jarayonlariga zamonaviy oʻquv texnologiyalari va uslubiy yondashuvlarni tatbiq etish kabi yoʻnalishlarda olib borilgan ishlar muhokama qilindi. Kelgusida yuklatilgan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish uchun komissiya aʼzolari hamda kotibiyat xodimlari masʼuliyatni yanada oshirishlari lozimligi qayd etildi.

    Majlisda Komissiya vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.