Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi

    Saylov 11 Sentabr 2021 617

    2021-yil 11-sentyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Majlisni Komissiya Raisi Z.Nizamxodjayev olib bordi.

    Majlis kun tartibidan Qodirov Alisher Keldiyevichni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib roʻyxatga olish, Oblomuradov Narzullo Naimovichni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib roʻyxatga olish, Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning guvohnomasi tavsifi va namunasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyasining guvohnoma (mandat)lar uchun muhri namunasini tasdiqlash masalalari joy oldi.

    Komissiya aʼzolari dastlab Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilgan nomzodlarni roʻyxatga olish masalalarini koʻrib chiqishdi.

    Qayd etilganidek, joriy yilning 8-sentyabr kuni Markaziy saylov komissiyasiga Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va Oʻzbekiston Ekologik partiyasi tegishli hujjatlar va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilgan nomzodni qoʻllab-quvvatlovchi imzo varaqalarini taqdim etgan edi. Saylov kodeksining 39-moddasiga binoan, siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining toʻgʻri toʻldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan tuzilgan Ekspertlar guruhi tomonidan tekshirildi.

    Majlisda xar ikkala partiya tomonidan taqdim etilgan hujjatlar, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilgan nomzodni qoʻllab-quvvatlovchi imzo varaqalari qonun talablariga mosligi inobatga olinib, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Qodirov Alisher Keldiyevich hamda Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan Oblomuradov Narzullo Naimovich Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar etib roʻyxatga olindi.

    Shuningdek, majlisda ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish masalasi ham koʻrib chiqildi va Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan yana 6 ta mahalliy ommaviy axborot vositasining jami 32 nafar vakili akkreditatsiyadan oʻtkazildi. Endilikda akkreditatsiyadan oʻtkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari jami 907 nafarni tashkil etmoqda.

    Majlisda shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning guvohnomasi tavsifi va namunasi tasdiqlandi. Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning guvohnomasi 125x90 millimetr oʻlchamdagi toʻq yashil rangli qattiq charm muqovali kitobcha koʻrinishiga ega boʻladi.

    Qayd etish joiz, Saylov kodeksining 40-moddasiga muvofiq, nomzod etib roʻyxatga olingan shaxsga roʻyxatga olinganlik guvohnomasi beriladi. Nomzodlar roʻyxatga olinganidan keyin besh kunlik muddatda Markaziy saylov komissiyasi roʻyxatga olinganlik toʻgʻrisidagi xabarni nomzodning familiyasini, ismini, otasining ismini, tugʻilgan yilini, partiyaga mansubligini, egallab turgan lavozimini (mashgʻulotining turini), ish va yashash joyini, shuningdek uni nomzod etib koʻrsatgan siyosiy partiyani koʻrsatgan holda eʼlon qiladi. Nomzodlarni roʻyxatga olish saylovga oʻttiz besh (35) kun qolganida tugallanadi.

    Majlisda Komissiya aʼzolari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyasining guvohnoma (mandat)lar uchun muhri namunasi ham tasdiqlandi.

    Majlis soʻngida kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.