Komissiya aʼzolari hamda xodimlari ishtirok etgan majlis kun tartibidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (DIIHB) Missiyasining Oʻzbekistonda 2019-yil 22-dekabrda oʻtkazilgan saylovlarni kuzatish yuzasidan tavsiyalari, MSKning 2020-yilning ikkinchi yarmidagi faoliyati natijalari va 2021-yilning birinchi yarmi uchun ish rejasiga oid hamda Komissiya faoliyatini yana-da takomillashtirishga doir ayrim nizomlar loyihalarini tasdiqlash bilan bogʻliq masalalar joy oldi.
Majlisda jahonni oʻz zabtiga olgan pandemiya bilan bogʻliq murakkab sharoitga qaramasdan, Markaziy saylov komissiyasi oʻtgan yilgi faoliyatini samarali davom ettirgani taʼkidlandi.
Joriy yilda mamlakatimiz va xalqimiz hayotidagi muhim siyosiy voqea – prezident saylovlari oʻtkaziladi. Shu bois Markaziy saylov komissiyasi boʻlajak saylovlarni milliy qonunchilik va umumʼetirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida yuqori darajada tashkil etishga hozirdan alohida eʼtibor qaratmoqda. Bunda, oʻtgan saylovlarda orttirilgan milliy tajriba hamda xalqaro kuzatuvchilar tomonidan berilgan maqbul tavsiyalarni milliy saylov qonunchiligi va amaliyotiga tatbiq etish ishlari muhim oʻrin tutadi.
YEXHT Byurosining “Yangi Oʻzbekiston – Yangi saylovlar” shiori ostida oʻtgan parlament saylovlarini kuzatgan toʻlaqonli missiyasining Yakuniy hisobotida mamlakatimiz milliy saylov tizimidagi bir qator ijobiy oʻzgarishlar eʼtirof etilgan. Jumladan, saylovlar takomillashgan qonunchilik asosida oʻtkazilgani va mustaqil, ochiq fikrlarga nisbatan erkin qarash muhitining oshgani alohida taʼkidlangan. Bu boradagi ishlarni sobitqadamlik bilan davom ettirish boʻyicha tavsiyalar berilgan.
MSK qarori bilan yakuniy xisobotda bildirilgan tavsiyalarni atroflicha oʻrganish va maqbullarini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi hamda tegishli vazifalar belgilab olindi.
Markaziy saylov komissiyasining Kotibiyati va Markaziy saylov komissiyasining Matbuot xizmati toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarori qabul qilindi. Hujjatga muvofiq Matbuot xizmati Markaziy saylov komissiyasi Raisiga bevosita boʻysunadigan alohida mustaqil boʻlim sifatida faoliyat yuritadi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tashkil etiladigan tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish, Markaziy saylov komissiyasi faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashda Matbuot xizmati Kotibiyat bilan yaqindan hamkorlikni amalga oshirishi lozim.
Majlisda “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Axborotnomasi – Vestnik Sentralnoy izbiratelnoy komissii Respubliki Uzbekistan” jurnali toʻgʻrisidagi nizom hamda uning tahrir hayʼati tarkibi tasdiqlandi.
Tadbirda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining idoraviy arxiviga oid, hujjatlarning qiymatini aniqlash va ularni doimiy saqlovga topishirish boʻyicha ekspert komissiyasiga doir nizomlar ham tasdiqlandi.
Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2020-yilning ikkinchi yarmidagi faoliyati natijalari batafsil tahlil etilib, 2021-yilning birinchi yarmi uchun ish rejasi tasdiqlandi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati