Mazkur filial Yangiqoʻrgʻon tumanidagi Boʻston, Guliston, Sohil, Nuraliobod, Bogʻiston va Chortoq tumanidagi Alixon, Arbagʻish, Bozorboshi, Sozsoy, Toʻpqayragʻoch mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi 21 ming nafardan ortiq aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatadi.
Moʻjazgina bino ochilishida soʻz olgan qishloq ahli davlat xizmatlari markazlari xizmatlarida oʻz mahallalarida foydalanish imkoniyat tugʻilganidan mamnun boʻldilar.
— Men 40 yildan ortiq vaqt mobaynida maorif tizimida ishlab kelyapman. Soʻngi 5 yil ichida raqamli texnologiya rivojlanishi koʻplab insonlarni yugur-yugurlardan holi etdi. Davlat xizmatlari markazlari, shuningdek, FHDYO boʻlimlarida xizmat koʻrsatish sifatiga ham shu axborot kommunikatsiya rivojlanishi va agentlik tizimida olib borilayotgan islohotlar sabab hozirda fuqarolar sarson boʻlishiga chek qoʻyildi. Tashkil etilgan yangi tizim oʻzini tom maʼnoda oqladi. Bundan 5-10 yil avval davlat idoralari mahallangizga borib, bizga nima xizmat deya qoʻlini koʻksiga qoʻyib xizmat koʻrsatadi desa, men tugul birorta mahalladoshimiz ishonmagan. Mana shu kunlarga ham yetib keldik. Yangi filial aholining yaxshiligiga xizmat qilsin, — deydi qishloqdagi 60-maktab direktori Nosirjon Joʻraboyev.
Shu kabi Uychi tuman davlat xizmatlari markazining “Jiydakapa” filiali ham ochildi. “Jiydakapa” filiali haftaning chorshanba, juma kunlari mahallada davlat xizmatlarini koʻrsatadi. Shuningdek, aholi va tadbirkorlarga bepul huquqiy maslahatlarni berib boradi.