“Marrani baland oling, siz buyuk ishlarga qodirsiz!”

    Fikr 18 Dekabr 2024 221

    Yoshlar hayoti jamiyat istiqbolini belgilaydi.

    Yosh avlodni oʻz kelajagi, Vatan manfaatlari uchun masʼuliyatli inson boʻlishlariga koʻmak berish, ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash bugungi kundagi yoshlarparvar islohotlarning asosiy negizini tashkil etadi. Men buni shu ona Vatanning bir dilbandi, qolaversa, shu yurtda oʻz ilmiy izlanishlarini olib borayotgan tadqiqotchi yoshlardan biri sifatida teran anglab, oʻz hayotim, taqdirim misolida yaqqol koʻrmoqdaman.

    Taʼkidlash kerakki, soʻnggi yillarda mamlakatimiz yoshlari hayotida butunlay yangi davr boshlandi. Yurtimiz tom maʼnoda yoshlar mamlakatiga aylandi, deb ayta olamiz. Qaysi islohotlar, oʻzgarish va yangiliklarga qaramaylik, Prezidentimiz tomonidan “Uchinchi Renessans poydevori” deb ishonch bildirilgan yosh avlodning maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-ijodiy, ijtimoiy-siyosiy manfaatlariga qaratilmoqda. Ayniqsa, ilm olish istagidagi yurt farzandlarining oliy taʼlimga qamrovining oshgani eʼtiborga molikdir. Ularga bir vaqtning oʻzida beshta oliy oʻquv yurtiga kirish imtihonlarini topshirish imkoniyatining berilishi, taʼlim krediti borasidagi imtiyozlar, yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga doir samarali saʼy-harakatlardan nafaqat oʻgʻil-qizlarning oʻzi, ularning ota- onalari, vatandoshlarimiz behad shod boʻlishmoqda.

    Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev tomonidan 30-iyunni “Yoshlar kuni” deb eʼlon qilingani va Prezidentimiz har yili ushbu kunda Yangi Oʻzbekiston yoshlari vakillari bilan uchrashib, ular bilan samimiy muloqot qilayotgani barchamiz uchun katta voqelikdir. Ana shunday uchrashuvlardan birida Yurtboshimizning biz yoshlarga aytgan daʼvatkorona ruhdagi dil soʻzlari barchamizni hamisha uygʻoq va gʻayratli boʻlishga, oʻz tanlagan yoʻlimizdan dadil odimlarb, muvaffaqiyatlarga erishishga ruhlantirmoqda:

    Biz yurtimizda qanday imslohotlarga qoʻl urmaylik, avvalo, siz kabi yoshlarga, sizlarning kuch-gʻayratingiz, azmu shijoatingizga suyanamiz. Barchangiz yaxshi bilasiz, bugun oʻz oldimizga ulkan marralar qoʻyganmiz. Ona Vatanimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga kirishdik. Biz oila, maktabgacha taʼlim, maktab va oliy taʼlimni hamda ilmiy-madaniy dargohlarni boʻlgʻusi Renessansning eng muhim boʻgʻinlari deb hisoblaymiz. Shu sababli ayni ushbu sohalarda tub islohotlarni amalga oshirmoqdamiz. Ishonamanki, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi poydevorini yaratishda sizlar singari fidoyi va vatanparvar yoshlarimiz faol ishtirok etib, munosib hissa qoʻshadilar.”

    Chindan ham, Prezident ishonchi biz uchun ulkan madaddir. Yoshlarni har jabhada muvaffaqiyatga erishishini taʼminlash, ularning muammo va takliflarini tinglash, tashabbuslarini qoʻllab-qoʻvvatlash bugungi kundagi eng muhim vazifalardan biri sifatida belgilanganidan har qancha quvonsak arziydi.

    Faxr bilan aytishim kerakki, men Fargʻona davlat universitetining yosh oʻqituvchisi, qolaversa, oʻz ilmiy tadqiqot ishini olib borayotgan yosh olima sifatida oliy dargohim bagʻrida unib-oʻsmoqdaman, jamiyatda oʻz oʻrnimga ega boʻlishga intilayapman. Bugun oqil Yurtboshimiz mamlakatimiz istiqbolini, avvalo, yoshlarning timsolida koʻrayotgan ekan, shu asnoda “Marra­ni baland oling, siz buyuk ishlarga qodirsiz! Hamisha oʻz kuchingiz, qatʼiyat va salohiyatingizga ishoning! Davlatimiz, xalqimiz, Prezident sizlarni bu yoʻlda doimo qoʻllab-quvvatlaydi, har qanday yordamni ayamaydi” degan oʻtli soʻzlar bilan bizga qoʻshqanot berayotganidan minnatdormiz. Yuraklarimizda esa shu el, shu yurtga munosib avlod boʻlish istagi joʻsh urib turadi.

    Gulruh TILLABOYEVA,

    Fargʻona davlat universiteti Sirtqi taʼlim boʻlimi oʻqituvchisi