Marrani katta olishdan qoʻrqmaymiz…

    Maʼlumki, iyun oyi respublikamizda “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida “Yoshlar oyligi” deb eʼlon qilindi.

    Bu esa butun respublikamiz yoshlariga eʼtiborning namunasidir.

    Taʼkidlash kerakki, Buxoroda 1 mln dan ortiq yoshlar boʻlib, oylik doirasida 5 mingdan ziyod yoshlar qamrab olinishi ham “Yoshlar oyligi”ning samarali tashkil qilinganligidan darak beradi. Yoshlarimiz uchun koʻplab tanlov va musobaqalarda, bir-biridan qiziqarli tadbirlarda ishtirok etish imkoniyati yaratildi. Bu loyiha nafaqat shahar va tuman markazlari, balki chekka qishloqlarga ham kirib bordi.

    Iyun oyi mobaynida Buxoro viloyatida yoshlar uchun bir qancha samarali ishlarga qoʻl urildi. Jumladan, “Yangi nafas” ommaviy yugurish marafoni, shaxmat va shashka musobaqalari uyushtirildi. “Rahbar va yoshlar” mavzusidagi uchrashuv qizgʻin savol-javoblarga boy tarzda tashkil qilindi. “Yoshlar va qonun” koʻrik-tanlovida ishtirokchilar oʻzlarining bilim va mahoratlarini namoyish etishdi.

    “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni ish bilan taʼminlash, ularni foydali mehnatga jalb qilishga har galgidan koʻproq eʼtibor qaratildi. Viloyatning har bir tuman va shahrida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida gala-konsertlar uyushtirildi. Bunda turli yoʻnalishlarda faoliyat koʻrsatayotgan eng sara, faol, tashabbuskor va iqtidorli yoshlarning bir guruhi viloyat rahbariyati tomonidan taqdirlandi.

    “Yoshlar oyligi” doirasida institutimizda “Quvnoqlar va zukkolar” koʻrik-tanlovining “Rektor kubogi” bellashuvi tashkil etildi. Shuningdek, oʻqishda, jamoatchilik ishlarida faol talabalarga tashakkurnoma, esdalik sovgʻalari taqdim etildi.

    Men Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzosi sifatida, ishonch bilan aytamanki, ilm va kasb egallamoqchi boʻlgan uka-singil, tengdosh yoshlarga maʼnan dalda boʻlib, qoʻllab-quvvatlash uchun bor gʻayratimni ishga solaman. Buning uchun esa men va men kabi yoshlarga cheksiz imkoniyatlar yaratib berilgan. Ayniqsa, har jabhada yurtboshimizning qoʻllab-quvvatlayotganini his etar ekanmiz, marrani katta olishdan va maqsadni ulkan qilishdan qoʻrqmaymiz.

    Xulosa qilib aytganda, Buxoroda “Yoshlar oyligi” qizgʻin va tantanali oʻtkazildi desak, adashmagan boʻlamiz. Yoshlarga berilayotgan bu eʼtibor kelgusida oʻz natijasini berishiga ishonamiz.

    Rustamjon Rahimboyev,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi

    Yoshlar parlamenti aʼzosi

    Buxoro davlat pedagogika instituti

    rektori yordamchisi