Mart oyida uy koʻp sotildimi yoki mashina?

    Koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalari sonining eng yuqori oʻsish surʼatlari Navoiy (18 foiz), Fargʻona (10,7 foiz), Jizzax (9,6 foiz) viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida (10,4 foiz) kuzatildi.

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida 2021-yil mart oyida Oʻzbekistonda koʻchmas mulk va avtotransport vositalari bozori koronavirus inqiroziga qanday javob berayotgani tahlil qilindi.

    Markaz hisob-kitoblariga koʻra, Oʻzbekistonda koʻchmas mulkka talab bilan birga, avtomobil savdosi ketma-ket ikkinchi oy ham oʻsmoqda.

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan koʻchmas mulk va avtomobil bozorlarida talab oʻzgarishi doimiy ravishda tahlil qilinmoqda. Bu yil yanvar-mart oylarida ushbu bozorlarda talabning oshishi Oʻzbekistonda iqtisodiy faollik toʻliq tiklanganini koʻrsatmoqda.

    Koʻchmas mulk bozori

    Bu yil mart oyida mamlakatimizda koʻchmas mulk boʻyicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni fevral oyi bilan taqqoslaganda oʻzgarishsiz qoldi va 20,2 ming donani tashkil qildi. Bu esa oʻtgan yil mart oyidan 34,4 foiz koʻproq.

    Koʻchmas mulk bozorining 30 foizdan koʻprogʻiga egalik qiluvchi Toshkent shahrida oldi-sotdi shartnomalari soni 6,17 mingni tashkil etib, fevral oyiga nisbatan 0,9 foiz kamaydi. 2020-yil mos davri bilan taqqoslaganda oʻsish 32,6 foizni tashkil qildi. Bu, oʻz navbatida, koʻchmas mulkka talab oʻzining uzoq muddatli trendiga qaytganidan dalolat beradi.

    Hududlar kesimida koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalari sonining eng yuqori oʻsish surʼatlari Navoiy (18 foiz), Fargʻona (10,7 foiz), Jizzax (9,6 foiz) viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida (10,4 foiz) kuzatildi. Ushbu koʻrsatkich Sirdaryo (8,6 foiz), Toshkent (8,1 foiz) va Xorazm (8 foiz) viloyatlarida sezilarli darajada kamaydi.

    Mamlakatimizda iqtisodiy oʻsish asta-sekin tiklanayotgani va koʻchmas mulkka talab oshayotgani anʼanaviy ravishda narxlarni yana-da oshirish mexanizmiga aylanishi mumkin.

    Biroq hozir koʻchmas mulk bozorini qoʻllab-quvvatlovchi chora-tadbirlardan biri – bu joriy yilda davlat tomonidan keng koʻlamli uy-joy dasturini amalga oshirish boshlanganidir. Buning uchun yil oxiriga qadar 11,5 trillion soʻm (1,1 milliard dollar) yoʻnaltiriladi. Bu esa oʻtgan yilgidan 4 barobar koʻp. Xususan, joriy yilda 45 ming oilani arzon uy-joy bilan taʼminlash rejalashtirilgan.

    Shunday qilib, arzon uy-joylarning koʻpayishi hisobiga urbanizatsiya surʼati tezlashishi kutilmoqda. Bu esa ishbilarmonlik faolligi, talab va umuman odamlarning turmush darajasi yaxshilanishini anglatadi.

    Bundan tashqari, hukumat tomonidan qurilish sohasini, birinchi navbatda, uy-joy qurilishini talab drayveri sifatida qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Avtomobil bozori

    Mart oyida avtomobil bozorida aholi talabi fevral oyiga nisbatan 7,7 foiz oshib, qatorasiga ikkinchi oy barqaror oʻsish surʼati kuzatildi. 2020-yil mart oyi bilan taqqoslaganda avtomobillar savdosi oʻsishi 47,4 foizni tashkil qildi. 2020-yil mart oyida respublika boʻyicha joriy etilgan lokdaun natijasida savdolar fevral oyiga nisbatan 34,6 foiz kamaygan edi.

    Hisobot davrida Qoraqalpogʻiston Respublikasi (31,5 foiz), Xorazm (30,5 foiz), Jizzax (23,5 foiz) viloyatlarida roʻyxatga va qayta roʻyxatga olingan avtomobillar soni yuqori surʼatda oʻsdi.

    Bu oʻrinda Buxoro (7,9 foiz), Qashqadaryo (7 foiz) va Andijon (4,3 foiz) viloyatlarida sezilarli darajada susayish kuzatildi.

    Avtomobil sohasi, shubhasiz, mamlakatda iqtisodiy oʻsishni tez ragʻbatlantirishning samarali vositasi hisoblanadi.

    Xalilulloh HAMIDOV,

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

    bosh ilmiy xodimi