Mart oyining soʻngi kunlari va aprel oyida qanday ob-havo kutiladi?

    Mamlakatimizda 30 Mart 2023 1196

    Oʻtgan yili mart oyi anomal nam boʻlgan edi, bu yil mart oyi esa nisbatan quruq boʻldi.

    Respublikaning bir qator viloyatlarida, shu jumladan Toshkent shahrida oʻtgan yili mart oyidagi yogʻingarchilik meteorologik kuzatuvlarning butun qatori uchun rekordli boʻldi. Bu yili mart oyida esa yogʻingarchilik miqdori odatdagidan kam boʻldi.

    Odatda, Oʻzbekistonda aprel oyida yogʻingarchilikning sezilarli miqdori yogʻadi. Respublikaning shimolida, chekka janubida va choʻl hududlarida oy uchun oʻrtacha yomgʻirli kunlar soni 5 kundan 8 kungacha, togʻlarga yaqin joylarda yogʻingarchilik 9-13 kungacha kuzatiladi.

    Bu yil, aprel oyida oʻrtacha havo harorati meʼyor atrofida, baʼzi joylarda oʻrtacha yillik qiymatlardan biroz koʻp boʻladi. Yogʻingarchilik kam, baʼzi joylarda meʼyor atrofida boʻlishi kutilmoqda.

    Oy quruq va iliq ob-havo bilan boshlanadi. 1 aprel kuni Oʻzbekistonning barcha hududlari boʻyicha havo kam bulutli boʻladi, kunduzgi harorat mart oyining oxirgi kunlari kabi 22-27o atrofida, yaʼni meʼyordan 5-8o ga yuqori boʻladi.

    2-7 aprel kunlari respublika boʻyicha beqaror ob-havo boʻlishi kutilmoqda, baʼzi joylarda shamol shiddatli kuchayishi bilan qisqa muddatli, momaqaldiroqli yomgʻir yogʻadi. Kunduzgi havo harorati yomgʻir paytida 5-7o ga pasayadi. Aprel oyining birinchi oʻn kunligi oxirida asosan yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutilmoqda va havo harorati yana koʻtarila boshlaydi.

    Oʻzgidrometning dastlabki prognoziga koʻra, aprel oyining ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarida harorat kechalari 7-12o dan 12-17o gacha, kunduz kunlari 20-25o dan 27-32o gacha oʻzgarib turishi kutilmoqda.

    Bahorda va xususan, aprel oyida ob-havo baʼzan juda “kutilmagan hodisalar” sovuqlar, kuchli jala yomgʻirlar, momaqaldiroq paytida tez-tez sodir boʻladigan qasirgʻalar, doʻl olib keladi. Kuchli jala yomgʻirlar togʻoldi hududlarda halokatli sel-suv toshqinlariga olib kelishi mumkin. Baland togʻlarda hali ham qor koʻchkisi xavfi saqlanib turadi, deb xabar beradi Oʻzbekiston gidrometeorologiya xizmati markazi.