Martin Chungongga “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni Jenevada topshirildi

    Xalqaro hamkorlik 15 Dekabr 2023 878

    Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong – 2023-yilda “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangani haqida avval xabar berilgandi.

    Oʻzbekistonning doʻsti va yaqin hamkori ushbu mukofotga inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun sazovor boʻldi.

    Mamlakatimiz delegatsiyasining Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 75 yilligi tantanalariga bagʻishlangan rasmiy-madaniy tadbirlarda ishtirok etish uchun joriy yil 10-12-dekabr kunlari Shveysariyaga amalga oshirgan tashrifi doirasida Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi bilan ham uchrashuv boʻldi. Oʻzaro muloqot asnosida delegatsiya rahbari – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov mukofotni egasiga tantanali ravishda topshirdi.

    М.Чунгонг oʻzi rahbarlik qilayotgan xalqaro tashkilot faoliyatida, shuningdek, parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish va qoʻshma tadbirlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish borasida Oʻzbekiston parlamentining oʻrni alohida ekanini taʼkidladi. Shu munosabat bilan parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga oʻz minnatdorchiligini izhor etdi.

    Muloqot asnosida BMT Bosh Assambleyasi 2022-yil 14-dekabrda qabul qilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi rezolyutsiya ham aynan Oʻzbekiston tashabbusi samarasi ekani yana bir bor eʼtirof etildi. Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibining fikricha, Oʻzbekiston ijtimoiy himoya va gender tenglikni taʼminlash, tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash, aholining taʼlim darajasini oshirish hamda yoshlar bilan ishlash sohalarida beqiyos tajribaga ega.

    Suhbat yakunida М.Чунгонг Parlamentlararo Ittifoqning 2025-yilga belgilangan 150-Assambleyasini Oʻzbekistonda oʻtkazishga tayyorligini maʼlum qilgani uchun mamlakatimiz parlamentiga minnatdorchilik bildirdi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi

    Milliy markazining matbuot xizmati.