Uchrashuv avvalida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi faoliyati, unga aʼzo korxonalar va ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlari, investitsiya va eksport salohiyati toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etildi. Shuningdek, mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoit va imtiyozlar toʻgʻrisida batafsil tushuntirish berildi.

Maʼlumot oʻrnida: Yaponiyaning “Marubeni” korporatsiyasi 1958-yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda korporatsiyaning 68 ta mamlakatda 136 ta ofisi mavjud. Shuningdek, 58 ta filial va vakolatxonalari faoliyat olib boradi. Korporatsiyaning asosiy faoliyati infrastruktura, sanoat, oʻrmon xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi, tabiiy resurslar va energetika kabi tarmoqlarga qaratilgan.

“Marubeni”ning Germaniyadagi ofisi esa aynan charm-poyabzal mahsulotlari uchun kerakli xom ashyo bazasini yetkazib berish va tayyor charm ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi.
Korporatsiyaning MDH davlatlarida 4 ta kompaniyasi va 8 ta ofisi mavjud. 1994-yilda Toshkentda kompaniyaning ofisi ochilgan. U Oʻzbekistonda neft-kimyo, qurilish, tekstil, togʻ-kon sanoati uchun uskunalar yetkazib berish bilan shugʻullanadi. Shuningdek, laboratoriyalar va oʻquv markazlari uchun jihozlar yetkazib beradi.
Ayni vaqtda korporatsiyaning xitoylik hamkorlari tayyor charm-poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. Xitoyga xom ashyo yetkazib berish bilan esa korporatsiyaning Germaniyadagi ofisi shugʻullanadi. Aynan tashkilotning Gamburgdagi ofisi Oʻzbekiston tarafidan eksport qilinadigan yarim tayyor charm (“wet blue”) mahsulotlarini xarid qilishga qiziqish bildiryapti.
Uchrashuvda tashkilotning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi vakillari mamlakatimizdan yirik shoxli mol terisidan “wet blue” koʻrinishidagi charm Germaniya va Xitoyga eksport qilinishi maqsadida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo charm ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan hamkorlik qilish boʻyicha oʻz takliflarini bildirdi. Shuningdek, Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish doirasida innovatsion dasturlarni hayotga tatbiq qilish va rivojlantirishda ishtirok etish yuzasidan takliflar ham bildirildi.

Uchrashuvda Uyushma tomonidan charm-poyabzal sanoati faoliyatiga taalluqli boʻlgan texnoparklarni, shu jumladan, oʻquv-ishlab chiqarish markazlarini tashkil etish borasida hamkorliklar boʻyicha takliflar ham ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muloqotlarning navbatdagi raundida Germaniyadagi mutaxassislarni Oʻzbekistonga taklif qilgan holda bu boradagi hamkorlikning istiqbollarini atroflicha muhokama qilishga kelishib oldilar, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.