Masalaning ichiga kirmagan tuman va shahar hokimlari ikki oyda oʻzgarish qilmasa, ishdan ketishi belgilandi

    Hukumat 11 May 2023 2095

    Prezident tadbirkorlar, aholi xonadonlari va ijtimoiy obyektlarda kichik quyosh panellari oʻrnatish boʻyicha belgilangan vazifalarni bajarishda joylardagi mutasaddilar tomonidan oqsoqlikka yoʻl qoʻyilayotganini tanqid qildi.

    Jumladan, elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida ijtimoiy soha va davlat idoralarida quyosh panellari oʻrnatish boʻyicha Samarqand, Jizzax, Buxoro viloyatlari yaxshi natija koʻrsatayotgan boʻlsa, Qoraqalpogʻiston, Toshkent shahri, Toshkent, Navoiy viloyatlari ancha orqada.

    Tumanlar kesimida Sergeli, Chilonzor, Uchtepa, Nukus, Beruniy, Bekobod, Parkent, Piskent, Qiziltepa, Guliston, Sirdaryo, Arnasoy, Bagʻdod, Furqat, Termiz, Oltinkoʻlda ishlar ahvoli qoniqarli emas.

    Tadbirkorlar bilan ishlash ahvoli ham birorta hududda talab darajasida emas. Ular tomonidan 790 megavatt quvvat yaratish reja qilingan boʻlsa-da, bugungi kunga qadar bor-yoʻgʻi 50 megavattli quvvatlar ishga tushgan.

    Tumanlar kesimida Sayxunobod, Kogon, Jondor, Mirzaobod, Sharof Rashidov, Paxtakor, Yangiariq tumanlari, Yangiyer, Urganch shaharlari hokimlari masalaning ichiga kirmagan. Ushbu tuman va shahar hokimlariga hayfsan berilishi, ikki oyda oʻzgarish qilmasa, ishdan ketishi belgilandi.

    Ayrim hokimlar oson yoʻlni tanlab, qoʻyilgan vazifani tayyor byudjet mablagʻlari hisobidan bajarishga oʻrganib qolgani koʻrsatib oʻtildi.