“Masdar Energy” Navoiy viloyatida shamol elektr stansiyasi qurmoqchi

    Energetika 17 Sentabr 2020 1924

    “Masdar Energy” kompaniyasi (BAA) Navoiy viloyatining Tomdi tumanida shamol salohiyatini oʻrganish uchun toʻrtta metereologik ustun (meteo-machta) oʻrnatdi.

    Bu Navoiy viloyatida 500 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini (SHES) qurish loyihasini amalga oshirishning navbatdagi bosqichi hisoblanadi.

    Avval xabar qilinganidek, 2020-yil 8-iyun kuni “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “Masdar Energy” kompaniyalari oʻrtasida elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisida shartnoma imzolangan edi. Ushbu shamol elektr stansiyasini ishga tushirish 2023-yilga rejalashtirilgan.

    Maʼlumot uchun: “Masdar Energy” shuningdek, Navoiy viloyatida 100 MVt quvvatga ega fotoelektr (quyosh) stansiyasini qurish boʻyicha xalqaro tanlovning birinchi bosqichi gʻolibi hisoblanadi.

    Kompaniyaning gʻalabasi ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 1 kVt/ soatiga 2,679 AQSH senti tarifini va FES qurilishining 12 oylik muddatini taklif qilgan. BAA mutaxassislarining fikriga koʻra, quyosh elektr stansiyasi yiliga 260 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.