“Masdar” kompaniyasi Oʻzbekistonda birinchi shamol elektr stansiyasini qurishni boshladi

    Energetika 2 Aprel 2021 1026

    Joriy yil 1-aprelda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha yetakchi xalqaro kompaniyalardan biri boʻlgan Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan Navoiy viloyatining Zarafshon tumanida shamol elektr stansiyasi qurilishiga tamal toshi qoʻyish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Marosimda Buxoro shahridagi studiyadan videokonferensiya orqali Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, “Masdar” kompaniyasi Bosh direktori Muhammad Djamil al-Ramahi, Energetika vazirligi va “Oʻzbekiston Milliy elektr tarmoqlari” AJ rahbariyati ishtirok etdi. Tadbir davomida, shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suhayl bin Muhammad al-Mazrui va sanoat va ilgʻor texnologiyalar vaziri Sulton al-Jabbor ham ishtirokchilarga murojaatlar yoʻlladilar.

    Tadbir doirasida “Masdar” kompaniyasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi oʻrtasida qurilayotgan elektr stansiyasining loyihaviy quvvatini 500 MVtdan 1,5 GVtgacha oshirish boʻyicha bitim imzolandi.

    S.Umurzakov oʻz nutqida “Masdar” Oʻzbekiston va BAAni bogʻlovchi mustahkam koʻprikka aylanadi va u orqali Oʻzbekistonda faoliyat olib borish uchun Birlashgan Arab Amirliklarining yangi kompaniyalari bizga kirib keladi”, deb ishonch bildirdi.

    Marosimda soʻzga chiqqan Muhammad al-Ramahi: “Bugungi tadbir biz nafaqat ushbu loyihani amalga oshirishda, balki Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga toza energiya sohasidagi maqsadlarini roʻyobga chiqarishda koʻmaklashishda ham sezilarli yutuqlarga erishganimizni bildiradi. Shamol energetikasini rivojlantirish boʻyicha jahon yetakchisi sifatida “Masdar” kompaniyasi Oʻzbekistonning kam uglerodli energetikaga oʻtish strategiyasini qoʻllab-quvvatlayotgani va mamlakat hukumati bilan barqaror rivojlanishni taʼminlash borasida hamkorlikni mustahkamlayotganidan faxrlanadi”, – deya taʼkidladi.

    Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yili “Masdar” kompaniyasi Oʻzbekiston Hukumati bilan Navoiy viloyatining Zarafshon tumanida quvvati 500 MVt boʻlgan Markaziy Osiyodagi eng yirik shamol elektr stansiyasi loyihasini ishlab chiqish, uni qurish va undan foydalanish boʻyicha ikki tomonlama bitimlar imzoladi. Stansiya kompaniyaning muqobil energetika sohasida mintaqadagi ikkinchi loyihasi boʻladi.

    Dastlab 600 million dollarga baholangan loyiha kengaytirilgandan soʻng qariyb 1,8 milliard dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishi kutilmoqda.

    Loyiha quvvatining 1,5 GVtga oshirilishi kelgusida Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan shamol elektr energiyasi miqdorini 3 GVtga yetkazish va muqobil energiya manbalarining mamlakat umumiy energiya balansidagi ulushini 26 foizga yetkazish maqsadlariga erishishga imkon beradi.

    Zarafshon tumanidagi shamol elektr stansiyasi 2024-yilning oxirigacha tijoriy foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. 500 MVt quvvatga ega loyiha 500 000 ta xonadonga yetarli hajmda elektr energiyani ishlab chiqarishni va atmosferaga chiqariladigan karbonat angidrid chiqindilarini yiliga 1,1 million tonnaga kamaytirishni taʼminlab berishi koʻzda tutilgan edi. Endilikda bu raqamlar mos ravishda 1,5 million xonadon va 3,3 million tonna karbonat angidridga koʻpayadi.

    Maʼlumot uchun: “Masdar” Abu-Dabi Hukumatining “Mubadala Investment Company” investitsiyaviy xolding shoʻba kompaniyasi va dunyoning qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqaruvchi yetakchi xalqaro kompaniyalaridan biridir. Kompaniya tomonidan amalga oshirilgan investitsiya loyihalari portfeli qayta tiklanadigan manbalardan 4 000 MVtdan koʻproq elektr energiyani ishlab chiqarish uchun oʻrnatilgan uskunalarni oʻz ichiga oladi. Bugungi kunda “Masdar” 30 dan ortiq mamlakatlarda, jumladan, Birlashgan Arab Amirliklari, Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Mavritaniya, Misr, Marokash, Buyuk Britaniya, AQSH, Avstraliya, Ispaniya, Serbiya, Hindiston, Indoneziya va Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatyapti, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.