Azizaning boquvchisi yoʻq, yolgʻiz farzandini tarbiyalaydi. Iqtisodiy jihatdan qiynalib qolgach, bundan uch yil oldin “Ayollar daftari”ga kiritilgan edi. Shundan boshlab davlatimiz tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarga qanday imtiyoz, koʻmak berilayotgan boʻlsa, u ham hech biridan chetda qolmadi. Mutasaddilar koʻmagida ayol 2021-yilda oilaviy tadbirkorlikni boshlash uchun “Xalq banki”ning tuman filialidan kam foizli kredit oldi. Bu pulga moʻjazgina issiqxona qurdirdi.
— Oʻtgan yili tuman hokimligi tomonidan menga 10 million soʻmlik subsidiya berildi, 4 gektar yer ajratildi. U yerga elektr toki oʻtkazilib, nasoslar oʻrnatildi. Oʻsha yilning oʻzida yana 33 million soʻm imtiyozli kredit oldim. Dastlab ixchamgina boʻlgan issiqxonamizni kengaytirdik, — deydi Forish tumanidagi Qizilqum mahallasida yashovchi Aziza Xudoyberdiyeva. — Birinchi yili koʻkat ekib koʻrdim, 5 million soʻm daromad oldim. Ishlarimni rivojlantirishim uchun olgan bu mablagʻ yetarli emas edi. Shunda bahorda koʻchat yetishtirdim. Birinchi yili 30 mingta koʻchat ekdik, yaxshi foyda koʻrdik, qarzlarimning katta qismidan qutuldim. Lekin daromadimning choʻgʻi baribir koʻnglimdagidek emasdi. Hozir har biri 6 sotixlik ikkita issiqxonam bor. Bu yil 300 mingta pomidor, qovun-tarvuz koʻchati yetishtirdik. Bundan tashqari, bodring, bulgʻor qalampiri niholini ham oʻstirdik. Oilaviy ishlab, kreditlarimizni yopyapmiz. Bu orada shu yaqin atrofda yashovchi 10 nafar xotin-qiz ish bilan taʼminlandi.
Aziza Xudoyberdiyeva peshona teri, halol mehnati bilan turmush qiyinchiliklaridan aslo choʻchimadi, mehnatni or bilmadi. Oʻziga berilayotgan barcha imkoniyatlardan unumli foydalandi. Natijada nafaqat oʻzi va oilasi, balki mahalladoshlarini ham ish bilan taʼminlashga erishdi. Tadbirkorligini muvaffaqiyatli yoʻlga qoʻyib, “Ayollar daftari”dan chiqdi.
— Bugun yurtimizda qanday ishga qoʻl urmoqchi boʻlsangiz, hammasi uchun imkoniyat bor. Faqat harakat qilish kerak. Mana shu eʼtibor tufayli ishlarimning samarasini koʻrib kelyapman, — deydi tadbirkor Aziza Xudoyberdiyeva. — Hozir 500 mingta koʻchatga buyurtma olganman. Boʻshagan yerlar oʻrniga sarimsoqpiyoz ekish niyatim bor. Ularni qishki mavsumgacha tayyor qilib, yanvar oyida koʻkat sifatida bozorga chiqarmoqchiman. Kelgusida zamonaviy issiqxona qurishni reja qilganman. Shuning uchun harakatdaman. Yana 10 nafar xotin-qizni ish bilan taʼminlamoqchiman. Yaqindan gulchilikka qiziqib qoldim, shu sohada oʻqib, tumanimizda gulchilikni rivojlantirishga hissamni qoʻshmoqchiman. Bu yil biogumus ishlab chiqib, sotuvini yoʻlga qoʻysak, marra — bizniki.
Zomin suv ombori yaqinida tashkil etilgan bozorchani mahalliy sayyohlar yaxshi biladi. Bu yerda mehmonlarga mazali qurut va dorivor giyohlar sotib tadbirkorligini boshlagan Marhabo Xoliqovaning qoʻli qoʻliga tegmaydi. Zomin tumanining “Duoba” qishloq fuqarolar yigʻinida yashovchi bu ayol oʻtgan yili “Ayollar daftari”ga kiritilgan edi. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj boshqa ayollar kabi u ham zarur yordamni oldi. Jumladan, uyiga quyosh paneli oʻrnatib berildi.
— Dastlab qurut sotib tirikchiligimizni oʻtkazganmiz, — deydi Marhabo Xoliqova. — Hozir bozorchamiz kengaygani sari rastamizdagi mahsulotlarimizning ham turi koʻpayyapti. Uzoq-yaqin mamlakatlardan sayyohlar kelib, ushbu mahsulotlarni katta qiziqish bilan xarid qilishadi. Tayyorlanish jarayonini erinmay soʻrab olishadi.
Tadbirkor faoliyatini kengaytirish maqsadida qizi bilan sayyohlar uchun turli taqinchoqlar tayyorlash, yumshoq qoʻgʻirchoqlar toʻqishga kirishdi. Roʻzgʻorini iqtisodiy jihatdan tiklab, “Ayollar daftari”dan chiqishga muvaffaq boʻldi. Davlatimizning gʻamxoʻrligini oʻzida his etgan inson sifatida boshqalarga namuna koʻrsatdi.
Xolnisa RAHMONQULOVA,
jurnalist