“O'zbekkino” tomonidan ma'lum qilinishicha, u obro'li turk delegatsiyasi tarkibida Toshkentga keladi va hamkasblari bilan birga kinofestivalning asosiy tadbirlarida ishtirok etadi. Ular orasida 14-sentyabr kuni bo'lib o'tadigan anjumanning ochilish marosimi, shuningdek, 15-sentyabr kuni poytaxtimizdagi Anjumanlar saroyida tantanali ravishda ochiladigan “Turkiya kinosi kunlari” madaniy tadbiri ham bor.
Turkiya delegatsiyasi Toshkentda film namoyishlarini o'tkazadi, so'ngra 16-sentyabr kuni Urganchga yo'l oladi va u yerda ikki kun davomida o'z filmlarini kinomuxlislar e'tiboriga havola etadi.
Eslatib o'tamiz: Burak Ozchivit “Muhtasham yuz yil”, “Qora muhabbat” va boshqa qator seriallar orqali muxlislar e'tiborini qozongan.
Toshkent xalqaro kinofestivali bosh direktori Firdavs Abduholiqov ta'kidlaganidek, “Turkiyalik mashhur aktyorlarning tashrifi ko'p sonli kino muxlislarni xushnud etadi”.
Qayd etish kerakki, “Ipak yo'li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinoforumi boshlanishiga roppa-rosa 6 kun qoldi, deyiladi dunyo.info saytida.