Mashinalarni videoga olgan ayolni haqoratlagan haydovchilar javobgarlikka tortildi

    Farg‘onada mashinalarni “syomka” qilgan ayolga tashlanib, uni haqorat qilgan shaxslar javobgarlikka tortildi.

    Bu haqda Fargʻona viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

    Maʼlum boʻlishicha, 9-yanvar kuni soat 14:40 larda ushbu ayol va Toshloq—Fargʻona yoʻnalishida taksichilik bilan shugʻullanuvchi haydovchilar oʻrtasida janjal kelib chiqqan.

    Ayolning holat boʻyicha Fargʻona shahar IIO FMBga qilgan murojaati tergovga qadar tekshiruv davomida oʻrganib chiqilgan.

    Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona shahar sudida chiqarilgan qarorga koʻra, ikki nafar haydovchi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan aybli deb topilib, ularning har biriga BHMning 3 baravari (1 million 20 ming soʻm) miqdorida jarimaga tortilgan.

    Huquqbuzarlar qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, bu holat boshqa sodir etilmasligiga vaʼda bergan.