Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Namangan shahridagi XIX asrga oid "Sirli masjid" arxitektura yodgorligining qadimiy ganchkor uslubdagi kirish darvozasi va minorasi toʻliq buzib tashlanishi oqibatida yodgorlikka 554,4 mln. soʻm zarar yetkazilganligi holati yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Namangan viloyati prokuraturasi tomonidan olib borilgan dastlabki tergov harakatlari davomida yodgorlikka zarar yetkazgan qurilish korxonasi rahbari О.P.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 132 moddasi (Moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish) 3 qismi va boshqa moddalari bilan ayb eʼlon qilinib, qamoqqa olish tariqasidagi ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Eʼtiborlisi, tergov davomida ayblanuvchi О.P. tomonidan yetkazilgan 554,4 mln. soʻm zarar uch karra miqdorda yaʼni 1 mlrd. 663 mln. soʻm qoplanganligi sababli qonunchilik talablariga asosan, unga nisbatan qoʻllanilgan ehtiyot chorasi garov ehtiyot chorasiga oʻzgartirildi.
Hozirda, mazkur jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan mazmunan koʻrib chiqish uchun sudga yuborilib, belgilangan tartibda koʻrib chiqilmoqda.
Eslatib oʻtamiz: Jinoyat kodeksining 132 moddasi 4 qismiga asosan, tarixiy yodgorlikka yetkazilgan moddiy zarar uch karra miqdorida qoplangan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmaydi.