Xalqaro aeroportlardagi mazkur ikki yoʻlakli tizim 2018-yil 1-yanvarda ishga tushirilgandi.
Xoʻsh, yangi — masofaviy bojxona nazorati tizimi nima maqsadda tashkil etildi, uning afzalliklari nimadan iborat, yoʻlovchilarga qanday qulaylik yaratadi?
— Bu, avvalo, yurtimizga tashirf buyuruvchilar soni tobora ortib borayotgani bilan bogʻliq, — deydi Bojxona qoʻmitasi axborot xizmati rahbari Nurbek Salomov. — Yaʼni, xalqaro aeroportlar orqali yoʻlovchilar oqimi yildan-yilga oshib borayotganidan kelib chiqib, bojxona nazorati tartibotlarini soddalashtirish hamda ularni xalqaro standartlarga moslashtirish zarurati tugʻildi.
Shuning uchun Prezidentimizning 2022-yil 27-apreldagi farmoniga muvofiq, xalqaro aeroportlarning uchib ketish yoʻnalishida masofaviy bojxona nazorati tizimi joriy etildi. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-avgustdagi qarori bilan esa mazkur tizim tartibi belgilab berildi.
Yangi tizim bir qator afzalliklarga ega. Yaʼni u orqali davlat nazorat organlarining takrorlanuvchi nazorat shakllari qisqartirilib, nazorat zonalaridan ortiqcha vaqt sarflamasdan oʻtish imkoniyati yaratiladi.
Avval amalda boʻlgan ikki yoʻlakli tizimdan voz kechilib, jismoniy shaxslar va ularning qoʻl yuklari vizual kuzatuv orqali nazoratdan oʻtkaziladi.
Yoʻlovchilar bojxona organlari tomonidan xavfni boshqarish tizimi tomonidan buyurilganda tekshiriladi.
Jismoniy shaxslar va ularning qoʻl yuklarini nazoratdan oʻtkazishda Davlat xavfsizlik xizmatining aviatsiya xavfsizligi boʻlinmalari bilan hamkorlik qilinadi.
Shuni taʼkidlash joizki, masofaviy bojxona nazorati tizimida bojxona organlari alohida joylarda xizmat olib borib, yoʻlovchilar harakatini cheklamaydi.
Mazkur tizim tufayli mamlakatimiz turizm jozibadorligini oshirish hamda yoʻlovchilarning nazorat tartib-taomillariga sarflanadigan vaqt sarfini, shuningdek, ortiqcha ovoragarchiliklarni kamaytirishga erishiladi.
Masofaviy bojxona nazorati xalqaro aeroportlar orqali uchib ketayotgan yoʻlovchilarni maxsus ajratilgan joylarda xavfni boshqarish tizimidan foydalangan holda tanlab olish tamoyili asosida hamda masofaviy vizual kuzatuvni amalga oshirish orqali bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkazishni taʼminlaydigan tizim hisoblanadi.
Xalqaro aeroportlarning uchib ketish yoʻnalishida jismoniy shaxslarning bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirish va ularga bojxona qonunchiligi boʻyicha tushuntirishlar berish uchun yoʻlovchilar harakatiga taʼsir qilmaydigan alohida bojxona rasmiylashtiruvi joyi tashkil etiladi.
Oʻzbekiston ochiq mamlakat, turizm salohiyati yuqori. Shu bois, yurtimizga keluvchi sayyohlar soni ham tobora ortib bormoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, birgina oʻtgan yilning oʻzida “Toshkent” xalqaro aeroportidan jami 4 million 160 ming yoʻlovchi roʻyxatdan oʻtgan. Shundan 2 million 40 ming nafari kiruvchi, 2 million 123 ming nafari chiquvchi yoʻlovchilar. Joriy yilning yetti oyida esa jami yoʻlovchilari soni salkam uch million nafarga yetdi.
Aeroportlarni mamlakat darvozasiga qiyoslashadi. Mamlakat haqidagi ilk taassurot ham shu yerda shakkllanadi. Shu jihatdan olganda, ushbu maskanda koʻrsatiladigan xizmatlar qanchalik zamonaviy, qulay va tezkor boʻlsa shunchalik yaxshi. Bu mamlakatning xalqaro doiradagi imijiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Dilshod ULUGʻMURODOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri