Farmon bilan quyidagi hududlarda toifadan tashqari maqomga ega boʻlgan “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlari bosqichma-bosqich tashkil etiladi:
- 2021-yil 1-oktyabrdan Toshkent, Sirdaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari bojxona boshqarmalarida;
- 2022-yil 1-apreldan boshqa hududiy boshqarmalarda.
2021-yil 1-oktabrdan “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” postlari tashqi iqtisodiy faoliyat (TIF) ishtirokchilarining elektron bojxona yuk deklaratsiyalarini masofaviy rasmiylashtiradi.
2021-yil 1-dekabrdan “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” Davlat chegarasi orqali avtomobil oʻtkazish punktlarida:
➖ veterinariya va fitosanitariya organlarining hujjatlarini “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali tekshiradi;
➖ veterinariya va fitosanitariya organlarining tovar-transport hujjatlariga muhr bosish va roʻyxatga olish amaliyoti bekor qilinadi.
2022-yil 1-yanvardan:
- ortiqcha toʻlangan yoki undirilgan bojxona toʻlovlari TIF ishtirokchisiga 3 ish kuni davomida qaytariladi;
- bojxona toʻlovlarini kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlashning eng kam muddati 14 kun etib belgilanadi va ushbu muddatda foizlar undirilmaydi;
- Davlat bojxona qoʻmitasi tizimida Markaziy bojxona laboratoriyasi tashkil etiladi.
Laboratoriya Jahon bojxona tashkilotining “Mintaqaviy bojxona laboratoriyasi” maqomini olish choralari koʻriladi.
Laboratoriya nikotin saqlovchi mahsulotlar va spirtli ichimliklar tarkibini aniqlash, tovarlarni ekspertizadan oʻtkazish va sertifikatsiyalash bilan bogʻliq boshqa xizmatlarni koʻrsatadi.